Yurtimizda aholi bandligini taʼminlash orqali turmush darajasini oshirish, oilalar farovonligini, fuqarolarni jamiyat ravnaqidagi faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani eʼtirofga loyiq. Bu jarayonlar poytaxtimiz IIBB xususan, probatsiya xizmati tomonidan samarali ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Maʼlumki, probatsiya hisobida turuvchi shaxslar alohida toifani tashkil qilib, jamoat tashkilotlari mutasaddilari tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘magiga muhtojdirlar. Shu bois Yashnobod tumanida joylashgan “Texnopark” korxonasida tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi va probatsiya bo‘limi tashabbusi bilan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda poytaxtning Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek hamda Yunusobod tumanlaridan ishsiz bo‘lgan yuzdan ortiq fuqarolar va probatsiya ro‘yxatida turuvchi 20 nafar mahkumlar qatnashdi. Yarmarka boshlanishidan avval korxona rahbari tadbirga taklif etilganlarga korxonada mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ish haqi, ish tartibi, ishchilarga ko‘zda tutilgan ijtimoiy paketlar, yaratilgan shart-sharoitlar hamda boshqa imtiyozlar haqida batafsil maʼlumotlar berdi. O‘z qiziqqan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha qo‘shimcha savollariga javob olgan nomzodlardan 30 nafari jumladan, ularning 5 nafari probatsiya hisobida turuvchi shaxslar korxona kadrlar bo‘limiga tegishli hujjatlarni topshirishdi. Shunday xayrli tadbirlardan navbatdagisi poytaxtning Chilonzor tumanida ham o‘tkazildi. Tuman IIO FMB Probatsiya hisobida turuvchi 6 nafar mahkumlarga tumandagi korxona-tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari tavsiya etilib, tanlagan ish o‘rinlari bo‘yicha yo‘llanmalar berildi. Bu kabi o‘zgalar ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj yurtdoshlarimizga insoniylik namunalarini ko‘rsatish, jamiyatning faol fuqarolariga aylantirish borasidagi ishlar poytaxt IIBB tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalari tomonidan davriy ravishda davom ettirilmoqda.