16 Iyul 2025 Yil 724

Tuman hokimi ichki ishlar xodimlari bilan uchrashdi

Yakkasaroy tumani hokimligida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Nilufar Allabergenova, tuman IIO FMB boshlig‘i Alisher Murodov, shuningdek mahallalarda faoliyat yuritayotgan profilaktika inspektorlari ishtirok etdilar.

Uchrashuvda tumanda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni kamaytirish, aholida huquqiy madaniyatni oshirish va profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tuman hokimi Nilufar Allabergenova o‘z nutqida ichki ishlar tizimi xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilganini ta’kidladi. Shuningdek, mahalla inspektorlarining aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lishi, har bir xonadonga yetib borishi, fuqarolarning muammolarini vaqtida aniqlab, ularning oldini olishda faol bo‘lishi zarurligini qayd etdi.

“Har bir profilaktika inspektori o‘z mahallasida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda asosiy kuchdir. Xalq bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va hal etish orqali ishonchni mustahkamlaymiz. Har bir xonadonda osoyishtalik bo‘lsa, butun yurtimiz tinch va farovon bo‘ladi,” – dedi tuman hokimi.

Uchrashuv davomida ichki ishlar organlari va mahalla tizimi o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kengaytirish hamda yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish masalalari yuzasidan topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aholining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech