22 Noyabr 2025 Yil 369

Tuman IIO FMB boshliqlarining sayyor qabullari: aholi muammolariga joylarda yechim izlanmoqda

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda inson manfaatlari ustuvor qo‘yilib, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahridagi tumanlar IIO FMB boshliqlari tomonidan joylarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rganilmoqda.

Sayyor qabullar davomida rahbarlar aholi bilan ochiq va bevosita muloqot qilib, turli ijtimoiy-maishiy masalalar, huquqiy muammolar, oilalardagi nizolar, profilaktika ishlari, yo‘l harakati xavfsizligi va boshqa sohalarda kelib chiqqan masalalarni tinglamoqda. Eng muhimi, murojaatlar faqat yozib olinmasdan, balki shu yerning o‘zida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalarga aniq yechimlar topilmoqda.

Fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatlar yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish va tekshiruv talab qilinadigan holatlar yuzasidan tegishli xizmat rahbarlariga ko‘rsatmalar berilmoqda. Ayrim muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilib, qisqa vaqt ichida ijobiy hal etilmoqda. Bu esa odamlarda IIO faoliyatiga nisbatan ishonchni yanada oshirmoqda.

Aniq misollarga to‘xtalsak. Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi T.Jasur bir necha oydan beri ishsizligini bildirib, ish topishda amaliy yordam so‘ragan. Tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Sarvar Jo‘rayev Bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda ushbu fuqaroning murojaatini joyida hal etdi. Endilikda T.Jasur doimiy ish joyiga ega bo‘lib, oilasini ham moddiy ta’minlaydi.

Mirobod tumani Fitrat mahallasida istiqomat qiluvchi Yu.Gulbahor o‘zi va oila a’zolarini doimiy ro‘yxatga qo‘yish yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘i polkovnik Otabek Xodjayevga murojaat qildi. Uning murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal etilib, o‘zi va oila a’zolari bir necha yildan beri istiqomat qilib kelayotgan xonadoniga ro‘yxatga qo‘yildi.

Mirzo Ulug‘bek tumani “Azamat” mahallasida rais lavozimi bo‘shligi sababli, mahallada bir qancha muammolar hal etilmayotganligi yuzasidan mahalla ahlidan murojaat kelib tushdi. Tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Iskandarbek Rashidov tomonidan ushbu murojaat o‘rganib chiqilib, tez kunlarda ushbu mahalla raisligiga saylov o‘tkazilishi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan bog‘lanib olindi.

Shu tumanning Shahrobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi B.Oksana chiqindilarni yig‘ish joyi yo‘qligi sababli u istiqomat qiluvchi uy oldida chiqindilar to‘planayotganligi yuzasidan shikoyat qildi. Shuningdek, elektr tarmoqlaridagi muammolarni bartaraf qilish uchun yangi transformator o‘rnatish lozimligi bo‘yicha murojaat qildi. Uning murojaatini joyida hal etish maqsadida tuman Maxsustrans bo‘limi va elektr-tarmoqlari bo‘limi boshliqlari chaqirtirilib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan kelishib olindi.

Sergeli tumani “Nurhayot” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar hududga qo‘shimcha kuzatuv kameralarini o‘rnatish lozimligini, shuningdek ayrim ko‘chalarda yoritish chiroqlari ishlamayotganligini bildirishdi. Ularning murojaatini o‘rganish maqsadida tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Anvarov Baxodir mahalla hududini o‘rgandi. Nosoz bo‘lgan tungi yoritish chiroqlarini yangilash va qo‘shimcha kuzatuv kameralarini o‘rnatish maqsadida mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Sayyor qabullardan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholining davlat idoralariga murojaat qilishda sarson-sargardon bo‘lib yurmasligi, mas’ullar xalq oldiga borib, muammolarni joyida o‘rganishi va hal etishiga qaratilgan.

Barcha yangiliklar

Text to speech