21 Iyul 2025 Yil 671

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruh Olmazor tumanida o‘rganish olib bordi

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan 1-sonli qaror ijrosini ta’minlash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash mexanizmini mustahkamlash maqsadida joylarda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev boshchiligidagi ishchi guruh Olmazor tumanida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida tumanga tashrif buyurdi. Ishchi guruh tomonidan turizm obyektlarida va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, kuzatuv kameralari va tashvish tugmalari o‘rnatilishi, hududga biriktirilgan xodimlarning ish jarayonlari, mahalliy aholi va turistlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.

Jumladan, ishchi guruh a’zolari tuman hokimi Azizxon Umarxonov bilan birga – barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazidagi qurilish jarayonlari va u yerda xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi. Mazkur obyektda turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari doimiy faoliyat olib borishi uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishildi. Hududga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lsada, hududni to‘liq qamrab olish maqsadida kameralar sonini ko‘paytirish hamda Bosh boshqarmaning Yagona tezkor boshqaruv markaziga integratsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan “Chustiy” mahallasida Qaror ijrosini ta’minlash borasida profilaktika inspektorining mahalla yettiligi bilan hamkorligi o‘rganildi. Mahallada tajriba tariqasida maslahatchi-murabbiylar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu lavozimda IIOda ko‘p yillar xizmat qilib nafaqaga chiqqan faxriylar faoliyat olib boradi. Uchrashuv davomida Bosh boshqarma bolig‘i maslahatchi-murabbiylar bilan samimiy muloqot qilib, ularning fikr va mulohazalarini tingladi. Mahallada amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Ishchi guruh tomonidan tuman IIO FMB va barcha IIBlar, Yagona navbatchi dispetcherlik xizmati faoliyati ko‘zdan kechirilib, xodimlarning xizmat jarayonlari, hududda amalga oshirilayotgan ishlar tekshirildi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan shahar va tuman mas’ullariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, ijrosi yuzasidan muddatlar belgilandi.

Ishchi guruh tomonidan bu kabi o‘rganishlar barcha tumanlarda davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech