27 Noyabr 2025 Yil 163

Toshkent oliy o‘quv yurtlarida oylik doirasida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda

Poytaxtimizda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida Yunusobod tumanida joylashgan Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida oliygoh maʼmuriyati, professor-o‘qituvchilari hamda talabalar bilan Toshkent shahar IIBB vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida tashkillashtirilgan ushbu tadbirda poytaxtimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlab oldini olish, kibermadaniyatni yuksaltirish, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlarni taqdim etdilar.

Shunday tadbirlardan yana biri Olmazor tumanida joylashgan Toshkent Tibbiyot Akademiyasi talabalari bilan ham o‘tkazildi. Bilim dargohining maʼmuriyati, professor-o‘qituvchilari hamda ikki yuzdan ortiq talabalar qatnashgan katta auditoriya oldida tuman IIO FMB boshlig‘i polkovnik Ibrohim Xasanov hamda masʼul xodimlar tuman hududida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida maʼruza qilishdi.

Har ikki bilim dargohida so‘zga chiqqanlar o‘z maʼruzalarida oylik doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar qatorida dunyoda global muammoga aylanib borayotgan giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikkka qarshi kurashish bo‘yicha shnoyabr oyining ilk kunlaridanoq Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga qaratishdi. Farmonning mazmun-mohiyati tushuntirilib, uning mudhish oqibatlari, oilalar tanazzuli, shaxsning tubanlashuvi, uning ortidan sodir bo‘layotgan fojialar haqida hayotiy misollar hamda ilmiy isbotlangan maʼlumotlarni taqdim etishdi. Shuningdek, taʼlim muassasalarida giyohvandlik vositalari, psixofaol moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishiga barham berish, bu illatga nisbatan murosasizlik munosabatlarini shakllantirish, mazkur zalolat botqog‘iga botmaslik choralari bo‘yicha tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berildi. Maʼruzalarda ko‘tarilgan mavzu va keltirilgan maʼlumotlar giyohvandlikning ayanchli va jinoyatkorona oqibatlari bo‘yicha tayyorlangan videoroliklar namoyishi bilan yana-da jonli chiqdi. Uchrashuvlar so‘ngida masʼullar mavzu bo‘yicha talabalarning ham fikr-mulohazalari bilan qiziqib, ularning ko‘plab savollariga javoblar berishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech