19 Yanvar 2026 Yil 9102

Toshkent shahar IIBBda “Ma’naviyat va ma’rifat darsi”

Poytaxt Ichki ishlar Bosh boshqarmasi majlislar zalida o‘tkazilgan “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyati”mavzusiga bag‘ishlandi. Mavzusini yoritish uchun O‘zbekiston respublikasi IIV Akademiyasi Magistraturasi “Boshqaruv fanlari” kafedrasi professori, polkovnik Sharif Qobilov taklif etildi. Ma’ruzachi soha xodimlarining jamoatchilik o‘rtasida mavqei hamda obro‘sini oshirish, xalqimizning mazkur kasbga bo‘lgan hurmat va e’tiborini kuchaytirish, fuqarolar bilan bo‘ladigan munosabatlarda o‘zlarini yuksak madaniyatli va ma’rifatli inson sifatida namoyon etishlarini ta’minlash masalalari hukumatimiz hamda vazirlik rahbariyatining e’tiborida ekanligini ta’kidladi. Zotan, xodimlarning fuqarolar, mansabdor shaxslar bilan munosabatlari, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi asosiy vazifalari qatorida xulq-atvor, odob-axloq mezonlari ichki ishlar organlari xodimlarining kasb madaniyati va xizmat intizomi kodeksida belgilab qo‘yilgan. Fuqarolar ichki ishlar xodimlaridan fidoyilik, ishchanlik, aniqlik, jonkuyarlik, adolatli munosabat kutishadi, ichki ishlar xodimi timsolida hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini har qanday tajovuzlardan himoya qilishga tayyor bo‘lgan himoyachilarni ko‘rishni xohlashadi. Shu bilan birga ma’ruzachi xodimlar orasida ba’zi bir kamchiliklar ham yo‘q emasligini, qo‘pol, mensimay, kibrli muomala qilish kabilar ham ahyon-ahyonda uchrab turishini eslatib, bunday xatti-harakatlar nafaqat ichki ishlar xodimi balki butun tizim obro‘siga putur yetkazishini qayd etib o‘tdi.

So‘ngra IIBB Tashkiliy boshqarma yuridik ta’minlash bo‘limi katta yuriskonsulti, podpolkovnik Kamola Baltaxodjayeva “Strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish” mavzusiga bag‘ishlangan ma’ruzasini yig‘ilganlar diqqatiga havola etdi.

Tadbir yakunida shaxsiy tarkib e’tiboriga “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech