29 Dekabr 2025 Yil 571

Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli

Yurtboshimizning tashabbuslari bilan aholining murojaatlarining joyida o‘rganish va ijobiy hal etish maqsadida muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda. Bu jarayon nafaqat fuqarolarning davlat organlariga ishonchini kuchaytiradi balki, tizim rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda davlat organlari faoliyatida aholi murojaatlariga huquqiy, insonparvarlik munosabatlarining namoyon etilishi adolatli jamiyat qurishda asosiy mezon sifatida qaralayotgani ham shundan. Shu munosabat bilan joriy yilning 28 dekabr kuni Respublika IIV qoshidagi «Jar» sport-sog‘lomlashtirish majmuasida O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas’ul rahbarlari ishtirokida fuqarolar bilan shaxsiy qabullari tashkillashtirildi. Qabullar jarayonida poytaxt IIBB boshlig‘ining ham sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda IIBB faoliyatiga doir yo‘nalishlar bo‘yicha fuqarolardan ellikdan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning aksariyati tergovga qadar tekshiruv, tergov harakatlari, ma’muriy hujjatlar, xizmatga qabul qilish va qayta tiklash bilan bog‘liq, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, pasport tizimiga oid, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash – svetofor va yo‘l belgilarini o‘rnatish, belgilangan ma’muriy jarima bo‘yicha norozilik, ichki ishlar xodimi xatti-harakatiga e’tiroz kabilarni tashkil etdi. Murojaatlarning 28 tasi ijobiy hal etildi. O‘ndan ortig‘iga huquqiy tavsiya, maslahatlar hamda ularni hal etish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. Murojaatlarning 19 tasida keltirilgan vajlarni qonun doirasida o‘rganish qo‘shimcha muddat talab qilganligi bois ijro muddatlari o‘rnatilib, nazoratga olindi hamda mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Har bir murojaatchi tomonidan keltirilgan ma’lumotlarni o‘rganish chog‘ida ularning kelib chiqish tub sabablarini aniqlashga e’tibor qaratilib, takroriy murojaatlar tushishining oldini olish choralari ko‘rildi. Shuningdek, qabulga tashrif buyurgan uch nafar fuqaro muqaddam murojaatlari ijobiy hal etilganligi bo‘yicha o‘z minnatdorligini bildirish qatorida poytaxt ijtimoiy hayotini yaxshilashga bog‘liq takliflarini berdi. Yakunlanib borayotgan 2025 yilda poytaxt aholisining yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, qonuniy manfaatlarini himoyalash, konstitutsiyaviy haq-huquqlarini ta’minlashga qaratilgan fuqarolar murojaatlarini tinglash, o‘rganish, yechimini topishga qaratilgan bu kabi ezgu, insonparvarlik, adolatparvarlik tamoyillarini izchil amalga oshirish ishlari kelgusi yilda ham tizimli ravishda davom ettiriladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech