Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan sayyor va shaxsiy qabullar tizimi aholining talab va ehtiyojlarini qondirish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Poytaxtimiz aholisi uchun tashkillashtirilgan navbatdagi shaxsiy qabul Toshkent shahar IIBB binosida bo‘lib o‘tdi. Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan qabulda poytaxt IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etishdi.
Shaxsiy qabul davomida turli masalalarda jami 41 ta murojaatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning barchasi bevosita ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. Murojaatlarning 5 tasi joyida ijobiy hal etildi, 7 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab etadigan 27 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, fuqaro S.Xan va D.Azizovalar ichki ishlar organlari xodimlari ish faoliyati bo‘yicha o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.
Shaxsiy qabul davomida 3 nafar fuqaroga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportini olishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bu kabi qabullar aholi va davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlash, muammolarni kechiktirmasdan hal etishda muhim qadam hisoblanadi. Ushbu tadbirlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda samarali ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.