Sportning voleybol turi bo‘yicha probatsiya bo‘linmalari nazorat ostida turgan shaxslar o‘rtasida Ichki ishlar vaziri kubogi musobaqasining Toshkent shahar bosqichini o‘tkazish, jamoalarni shakllantirish, g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash yuzasidan tushuntirish berish maqsadida brifing o‘tkazildi.
Brifingda Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi boshlig‘i Nilufar Isaxanova, IIBB probatsiya boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Otabek Muxammadiyev, Voleybol federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi ijrochi direktori G‘ulomjon Pirnazarov, Toshkent shahar bosh hakami Daniyar Burnashevlar ishtirok etdi.
Muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son Farmoni hamda 2022 yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-201-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning may oyi mobaynida sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasi o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu musobaqaning Toshkent shahar bosqichi 12 ta tuman IIO FMB probatsiya bo‘lim-guruhlari hisobida turgan mahkumlar o‘rtasida 8-11 may kunlari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqaning asosiy maqsadi – probatsiya hisobida turuvchi shaxslar o‘rtasida voleybol sport turini yana-da ommalashtirish, iqtidorli, tug‘ma isteʼdodi bor shaxslarni saralash (seleksiya) orqali Toshkent shahar terma jamoasiga nomzodlarni shaffof tarzida tanlab olish.
Ushbu musobaqa voleybol musobaqalarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi tasdiqlangan Nizom talablari asosida mahallalarda istiqomat qiluvchi 17-40 yoshdagi mahkumlar o‘rtasida uch bosqichda o‘tkazilishi belgilangan. G‘olib jamoa respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Xususan, shahar bo‘yicha jami 12 ta tuman IIO FMB probatsiya bo‘lim-guruhlaridan jami 109 nafar shaxslar musobaqada ishtirok etish uchun saralab olindi.
1-bosqich: 8 may kuni tumanlardan saralangan jamoalar o‘rtasida guruh birinchiligi uchun bellashishadi va g‘olib bo‘lgan jamoa keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
2-bosqich: 10 may kuni tumandagi 4 ta guruhlaridan 6 ta jamoalari aylana tizimi (krugovoy) asosida 3-o‘rin uchun bellashishadi. G‘olib bo‘lgan jamoa shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
3-bosqich: 11 may kuni aylana tizimi (krugovoy) asosida 1-o‘rin uchun bellashishadi hamda g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi. 1-o‘rinni olgan jamoa respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Voleybol musobaqalarini tashkil etishda O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasi, Toshkent shahar sport boshqarmasi, Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi va O‘zbekiston voleybol federatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi yaqindan hamkorlar hisoblanadi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari 1,2,3-darajali diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Musobaqa hakamlari qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, bugungi tadbirda jamoalarni guruhlarga ajratishni shaffofligini taʼminlash maqsadida jurnalistlar ishtirokida qurʼa tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra to‘rtta guruhlarda quyidagi tumanlar o‘zaro bellashishi belgilandi:
A – guruhida: Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Sergeli;
V – guruhida: Yakkasaroy, Olmazor, Chilonzor;
S – guruhida: Uchtepa, Yangihayot, Yunusobod;
D – guruhida: Shayxontohur, Yashnobod, Bektemir.