Inson sog‘-salomat bo‘lsagina ishning unumi, ijobiy natijasi bo‘ladi. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining xizmat vazifasini o‘tash chog‘ida ruhiy hamda jismoniy sog‘lom bo‘lishi zaruriy shartlardan biridir. Ularning xizmatga kirishishga shayligi, bemor bo‘lganlarning esa yana safga qaytishlari tibbiyot xodimlarining tajribasi, malakasi, muomalasiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Buning uchun esa tibbiyot bo‘limlarimizni zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlash, shifokorlarimizga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish lozim. Bu jarayonlarni o‘rganish maqsadida, kecha Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev Bosh boshqarma tibbiyot bo‘limiga tashrif buyurib, bo‘lim faoliyati va tibbiyot xodimlariga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. 2020 yilda qayta rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirilgan “A” sektorida joylashgan bo‘lim poliklinikasi, Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Harbiy-tibbiy komissiyasi faoliyati bilan tanisharkan, shifokor va hamshiralar bilan suhbatlashdi. Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda bo‘limda idoraviy tibbiyot xizmatini takomillashtirish, xodimlar va ularning oila a’zolari salomatligini muhofaza qilish, xususan, shaxsiy tarkibning ruhiy salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Shuningdek, Respublikamizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va standartlarni amalda tadbiq etish orqali xodimlar va ularning oila a’zolari, nafaqaxo‘rlarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, tizimda boshqarish va mehnatni tashkil etishning ilg‘or shakl hamda uslublarini joriy etish borasida ijobiy natijalarga erishishimiz kerakligi ta’kidlandi. Bemorlarga ambulator va kunduzgi statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatish, davolash muolajalarini samarali o‘tkazishni tashkillashtirish borasida tibbiy moddiy-texnika bazasini yaxshilashga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga muassasada elektron tibbiy kartalar joriy etish, dori vositalari aylanmasini nazorati, kasalliklar dinamikasini real vaqt rejimida kuzatish va tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish maqsadida joriy etilgan “Ye-med” kompleks axborot-tahliliy tizimi bilan ham tanishdi. Shuningdek, tibbiyot bo‘limi faoliyatida mavjud muammolar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarga ham to‘xtalib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berib o‘tdi. Jumladan, barcha shifokorlarning xizmat xonalari eshiklariga bir xil lavhlar o‘rnatilishi, ish jadvali vaqtlari ko‘rsatilishi, sohaga oid sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi stendlar sonini ko‘paytirish, ta’mirtalab xonalarni ta’mirlash sifatini yaxshilash, har bir qavatga mas’ul ofitserlar biriktirish, yong‘in xavfsizligi qoidalari bo‘yicha xodimlarga amaliy ko‘nikmalar berishga urg‘u berildi. O‘rganishlar davomida bo‘limning “B” binosida boshlangan qurilish ishlarining yakunlanmaganligiga e’tibor berib, tez fursatlarda qurilishni tugatish yuzasidan mas’ullarning vazifalari belgilanib, kerakli topshiriqlar berib o‘tdi.