19 Avgust 2025 Yil 1069

Tajriba almashish – muvaffaqiyat garovi

O‘zbekiston respublikasi IIV tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash, respublikamizda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jamoat tartibini saqlash borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samaradorligi bilan ko‘plab davlatlarning eʼtiboriga tushmoqda. Ichki ishlar vazirligi tomonidan zamon bilan hamnafas qadam tashlash, ilg‘or texnologiyalarni tizimga tadbiq etish bilan bir qatorda xorijiy davlatlar bilan foydali tajriba almashish jarayonlari yo‘lga qo‘yilganligini taʼkidlamoq lozim. Joriy yilning 11-15 avgust kunlari Tojikiston respublikasi IIV Dushanbe shahri bo‘yicha boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Fayzali Saydalizoda rahbarligidagi guruh ana shu maqsadlarda yurtimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar Respublika IIV Akademiyasi bazasida maxsus o‘quv mashg‘ulotida ishtirok etdilar. Mashg‘ulot davomida delegatsiya aʼzolari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishishga muyassar bo‘lishdi. Boshqarma tomonidan kiberjinoyatlarning turlari, ularning sodir etilish mexanizmlari, axborot tizimidan foydalanib sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi olib borilayotgan ishlar, shuningdek raqamli kriminalistika yo‘nalishidagi faoliyat bo‘yicha maʼlumotlar delegatsiya aʼzolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Toshkent shahar tajribasini o‘z faoliyatlarida qo‘llash yuzasidan kelishib olishdi.

Shuningdek, Bosh boshqarmaning Axborot va multimedia markazi faoliyati bilan tanishar ekan, mehmonlar poytaxt hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashda Bosh boshqarma faoliyati, jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan keng aholi qatlamlarini xabardor qilish, fuqarolarning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-ogohlantirish ishlariga katta qiziqish bildirdilar. Bosh boshqarmaning “Shon-sharaf” muzeyidagi tizimning tashkil topish tarixi, shakllanish jarayonlari haqida so‘zlovchi eksponatlar, ko‘rgazmali qurollar shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash, qonun ustuvorligini taʼminlash yo‘lida jonlarini qurbon qilgan xodimlar haqidagi hujjatlar, maʼlumotlar mehmonlarning eʼtiboridan chetda qolmadi.

Soha xodimlarining xorijiy hamkasblar bilan o‘quv kurslarini tashkil etish, tajriba almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali bugungi globallashuv davrida transchegaraviy jinoyatlarga barham berish mexanizmi mustahkmalanishini yana bir bor isbotlamoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech