Odatda oilali kishilar o‘z oilalari, farzandlarining yutuqlari, xulqi, sog‘lig‘i, ro‘zg‘or va tirikchilik tashvish-quvonchlari haqida suhbatlashishadi. Ammo mahbuslikda tanishgan ikki jinoyatchining boshi birlashdi deguncha, suhbatlari aylanib, qanday qilib ishlamay pul topishga taqalaveradi. Bu ikkisi kim o‘zi? Biri Murod – ikki farzandnng otasi, muqaddam firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari uchun olti marta sudning qora kursisida o‘tirib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan. O‘ta xavfli retsidivist tamg‘asi urilgan. Ikkinchisi Rolan – bir farzandning otasi, muqaddam firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyati uchun uch marta sudlangan. Biroq na unisi, na bunisi qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarmagan. Ular biri chiroq, biri pilik bo‘lib o‘zaro jinoiy til biriktirib, reja tuzdilar. 2024 yilning 10 yanvar kuni soat 10.30 larda uzun-qisqa bo‘lib Bektemir tumanida joylashgan banklarning birida kuymalana boshlashdi. O‘g‘irlik va firibgarlikning hadisini olgan hamtovoqlarning qo‘ygan tuzog‘iga B.Behzod ilindi. 700 AQSH dollarini so‘mga ayirboshlash maqsadida kelgan Behzodni ikkisi o‘rtaga olib, ilonday avrab 8.715.000 so‘m berishga ko‘ndirishdi. Ular Behzodning ko‘z o‘ngida pulni sanab qo‘liga tutqazdilar. Biroq bir ozdan keyin Behzodning o‘zi sanaganda pulning deyarli yarmi, yaʼni 4.000.000 so‘m kam chiqdi. Pulning qolganini so‘rashga chog‘langan Behzod hojatbarorlarni topolmay qoldi. Chunki ular allaqachon juftakni rostlashgandi. U vaqtni boy bermay ichki ishlar organlariga murojaat qildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sayyor sud majlisida 1981 yilda tug‘ilgan, xavfli retsidivist bo‘lgan A.Murodning qilmishlarini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, pushaymonligi, yetkazilgan zararni qoplaganligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima tayinlab, 3 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.
Uning jinoiy sherigi 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan G.Rolan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topildi. Uning qilmishiga chin dildan pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, oilaviy sharoiti inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil ahloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Bektemir tumani huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Alisher Ergashevning ish yurituvidan olindi.