Tergov amaliyotidan. Sevgi – alam – to‘rt yil qamoq ...
“Sevgan qizimga sovchi yuborsam, sovchilarga rad javobini berishibdi. Bundan rosa jahlim chiqdi. O‘qisam, ishlasam, ichmasam, chekmasam, aqli-hushim joyida bo‘lsa... Mendeklarni kunduzi chiroq yoqib topib bo‘lmaydi-ku, bularning nozu firog‘iga o‘lamanmi?! Bir sirasi borib rosa to‘polon qilgim keldi-yu, ammo zo‘rg‘a o‘zimni bosdim. Biroz jahlimdan tushish uchun ko‘chaga chiqib ketdim. Aylanib yursam, bank oldida turgan Lacetti avtomashinasiga ko‘zim tushdi. Qarasam, eshiklari ochiq. Kaliti o‘t oldirgichda. Xayolimga bir minib ko‘chasidan o‘tib, o‘zimni ko‘rsatib, hammasini hayron qoldirgim keldi”, deb ko‘rsatma beradi tergov jarayonida Maʼrufbek.
2024 yilning 23 aprel kuni soat 15.00 larga yaqin Maʼrufbek A.Azizbekka tegishli bo‘lgan Lacetti avtomashinasini olib qochib, o‘zi yozganidek, “o‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lib” qizning uyi tomon haydab ketayotganida, svetoforga to‘xtaganda o‘ylanib qoldi. Qilgan qilmishidan pushaymon bo‘lib, avtomashinani shu yerda yo‘l chetiga qoldirib ketdi. Biroq darhol ichki ishlar organlariga xabar berishga yuragi dov bermadi. Bo‘lar ish bo‘lgandi. “Hech narsa qilganim yo‘q-ku! Mashina beshikast. Haydagan bo‘lsam, 2-3 kilometr haydagandirman”, deya o‘zini ovutishga tirishdi. Biroq bu harakati jinoyat ekanligini anglagan sayin yuragiga g‘ulg‘ula tusha boshladi. Tuni bilan qilmishidan afsus-nadomat chekkan Maʼrufbek axiyri qo‘rquvini yengib, tonggi soat 06.30 larda 102 ga qo‘ng‘iroq qilishga jazm etdi, Lacetti egasi bu vaqtda mashinasi olib qochilganidan bexabar edi. Avtomashina beshikast, beziyon egasiga qaytarildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi ochiq sud majlisida 1995 yilda tug‘ilgan R.Maʼrufbekning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (“Transport vositasini olib qochish”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, avtomashinani beshikast egasiga yetkazganligi inobatga olinib, unga nisbatan 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ushbu jinoyat ishi tafsilotlari Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shohruh Bozorovning ish yurituvidan olindi.