Samarqandlik yosh xodimlarning poytaxt IIBB muzeyiga tashrifi
Ichki ishlar organlari o‘z shonli tarixiga ega. Mazkur xizmat tarkib topganidan to shu kungacha bo‘lgan shaklllanishi, davr o‘zgarishlari, voqealar silsilasidan hikoya qiluvchi asori-atiqalarni o‘rganish orqali yoshlarda vatanparvarlik, xalqparvarlik, insonparvarlik, fidoiylik tuyg‘ularini yuksaltirishda muzeylarning shu jumladan, ichki ishlar organlari qoshida faoliyat yuritayotgan muzeylarning ahamiyati beqiyos. Yoshlarning tariximizni bilishlari, o‘z ajdodlariga hurmat-ehtirom ko‘rsatishlari o‘z kelajaklarini yaratishlari uchun mustahkam poydevordir. O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligining farmoyishiga asosan “Yoshlar oyligi” o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur oylik doirasida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasining sohaviy xizmat xodimlaridan iborat 50 nafar yosh xodimlar Toshkent shahar IIBB boshqarmasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Shon-sharaf” muzeyiga tashrif buyurishdi. Ular poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, yurt-xalq manfaatlarini himoya qilish borasida uzoq o‘tmishda olib borilgan ishlar hamda jinoyatchilikka qarshi kurashda jonlarini fido qilgan xodimlarning jasorat va mardliklari to‘g‘risida atroflicha maʼlumotlarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, Toshkent shahar ichki ishlar organlari faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va xodimlar xususan, yosh kadrlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar va istiqbolli rejalar bilan ham tanishtirildi. Samarqandlik yosh xodimlarda muzey eksponatlari, foto va ko‘rgazmali qurollar, tarixiy maʼlumotlar katta tassurot qoldirdi.