13 May 2025 Yil 1465

Sayyor qabul natijalari

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning navbatdagi sayyor qabuli joriy yilning 11 may kuni Yunusobod tumanida joylashgan “UzExpo Markazi” binosida o‘tkazildi. Unda 40 nafar jismoniy va yuridik shaxslardan 40 ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlarning 11 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 1 tasi bo‘yicha malakali huquqiy maslahatlar berildi. 28 ta murojaatda keltirilgan sabab va vajlarni mazmunan ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab qilgani tufayli ularning ijro muddati belgilanib, nazoratga olindi. 40 murojaatlarning 10 tasi surishtiruv va tergov harakatlari yuritilishi, 7 tasi mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, 11 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, 1 tasi yo‘llarda transport oqimini hisobga olgan holda tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatish bilan bog‘liq masalalarni tashkil etdi. probatsiya hisobida turgan fuqarolarni muddatdan oldin jazodan ozod qilish masalalari bilan bog‘liq 11 ta murojaat atroflicha o‘rganilib, taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar hamda o‘tkazilgan suhbatlar natijasida Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinishdi. Shartli ozod qilingan shaxslar oilasi bag‘riga qaytish imkoni tug‘ilganidan xursandliklarini izhor etib, ishonch uchun minnatdorlik bildirdilar.

Sayyor qabulda kelib tushgan murojaatlarni joyida o‘rganish maqsadida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Yunusobod tumanida joylashgan professional boshqaruv kompaniyalardan biriga tashrif buyurdi. O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, ushbu boshqaruv kompaniyasi tomonidan mahallada xavfsiz muhitni yaratish maqsadida 100 ta kuzatuv kameralari, 60 ta tashvish tugmalari, 75 ta domofonlar o‘rnatilgan. Mazkur chora-tadbirlar Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan PQ-1 sonli qarorning joylarda ijro etilayotganligidan dalolat beradi.

Shundan so‘ng bosh boshqarma boshlig‘i hamda boshqa masʼullar ichki ishlar organlarining faxriylari uyiga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olishdi. Hozirda nafaqada bo‘lishiga qaramay, haligacha shogirdlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotgan, o‘zlarining ko‘p yillik tajribasi bilan bo‘lishayotgan bu kabi faxriylarimiz doimo eʼzozda.

Barcha yangiliklar

Text to speech