Bu savolga mashhur “Uchrashuv joyini o‘zgartirib bo‘lmaydi” filmidagi Jinoyat-qidiruv tezkor brigadasi boshlig‘i, kapitan Gleb Jeglov aniq javob bergan. Mana buning yana bir isboti. Hali o‘ttizga kirmay xavfli retsidivist maqomini olgan Rahmatilla oilasining yuzini qaro qilib, mahallada yillab, misqollab yiqqan obro‘sini bir pul qildi. 7 marotaba o‘g‘irlik qilib turli jazolarga – axloq tuzatishdan to ozodlikdan mahrum qilishgacha jazolanganiga qaramay, to‘g‘ri yo‘lni tanlamadi. U 2024 yilning 30 aprel kuni soat 17.30 larda Uchtepa tumani Nishabariq mahallasida bekorchilikdan aylanib yurib, yo‘l yoqasida tizilib turgan avtomashinalarni ko‘zdan kechira boshladi. Fuqaro F.Izzatilla o‘ziga tegishli “Nexia-2” avtomashinasini qulflamay ketgani Rahmatillaga qo‘l keldi. U yoq-bu yoqqa alangladi. Asta avtomashinaning orqa o‘ng eshigini ochib, narxi 12.000.000 so‘m bo‘lgan “Iphone 13 pro” telefonini cho‘ntagiga soldi-da juftakni rostladi. Telefonlar sotuvi bilan shug‘ullanadigan do‘konlarga sotishga urinishlari bekor ketdi, sotuvchilar telefonning hujjatlarini so‘rab, “asabiga tegishdi”. Kattaroq pulga sotish niyati amalga oshmasligini anglagan Rahmatilla, telefonni noma’lum shaxsga 400.000 so‘mga sotib yubordi. O‘g‘irlik haqida fuqaro F.Izzatilladan murojaat tushishi hamonoq Uchtepa tumani IIO FMB xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida o‘g‘ri tezda qo‘lga olindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1998 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Rahmatillaning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Rahmatillaning qilmishidan pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi hamda oilaviy sharoitlarini inobatga olib 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Ha, o‘g‘rining joyi – qamoq. Zero, jinoyat jazosiz qolmaydi. Ushbu jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Ahmadjon Rahmatovning ish yurituvidan olindi.