Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar fuqarolar yo‘lning qatnov qismida o‘zaro janjallashayotganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Joriy yilning 6-yanvar kuni taxminan soat 19:00 larda 1986-yilda tug‘ilgan A.A. o‘zining boshqaruvchidagi Nexia-3 rusumli avtomashinada Shayxontohur tumani Islom Karimov ko‘chasida harakatlanayotgan vaqtida BYD rusumli avtomashina haydovchisi bilan o‘zaro yo‘l talashgan. Natijada BYD rusumli avtomashina haydovchisi 1982-yilda tug‘ilgan S.A. yo‘lning qatnov qismida to‘xtab, A.A. bilan jamoat joyida – yo‘lning qatnov qismida o‘zaro urushib, jamoat tartibini buzishgan. Janjal natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-modda (“Mayda bezorilik”) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.