Kuni kecha Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari, shahar boshqarma va tashkilotlari hamda Yangihayot tumani hokimi, IIO FMB boshlig‘i boshchiligida tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda tuman hududida joylashgan yirik savdo majmuasidagi bo‘sh turgan savdo obyektlarini ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Unda tadbirkorlarning ushbu yo‘nalishdagi taklif va fikr-mulohazalari tinglandi. Toshkent shahar prokurori tomonidan savdo majmuasidagi mavjud resurslardan samarali foydalanish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tuman hokimi boshchiligida o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali tashkillashtirish, mazkur yo‘nalishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan kengaytirilgan yig‘ilishda hokim o‘rinbosarlari, tuman prokurori, IIO FMB boshlig‘i, tashkilot va muassasalar rahbarlari, “mahalla yettiligi” ishtirok etdi. Unda mazkur jarayonni amalga oshirish tartibi, bosqichlari, belgilangan muddatlarda to‘liq, sifatli va ishonchli ma’lumotlarni shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mazkur tadbir, uning natijalari kelgusida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni kompleks rivojlantirish va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishda muhimligi alohida ta’kidlandi. Jarayon davomida qonunchilikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi uqtirildi.
Shuningdek, tumanning “Chortoq” mahallasida joylashgan Madaniyat markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash borasida chora-tadbirlarni belgilab olinishi hamda uning ijrosini ta’minlash mavzulariga e’tibor qaratildi. Yig‘ilganlarga Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati tushuntirilib uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Tuman ichki ishlar xodimlari, mas’ullar tomonidan qarorning ijrosi qanday ta’minlanayotganligini nazorat qilish maqsadida tuman IIO FMB 1-sonli IIBda xizmat olib borayotgan xodimlarning tungi faoliyati, “Choshtepa” YPX maskani xodimlari xizmat faoliyati, 329-o‘rta ta’lim maktabidagi xavfsizlik hamda “Qo‘riqlash” pultining nuqsonsiz ishlashi, tuman Xalq ta’limi bo‘limidagi o‘quv muassasalarida qishki mavsumga tayyorgarlik shtabi faoliyati tekshirildi. Tekshiruvlar natijasida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Yig‘ilish davomida tuman hokimi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni davlat ahamiyatiga ega ekanligi, unga mas’uliyat bilan yondashish lozimligi, uning to‘liq hamda samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bu kabi poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchiliklarga qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali qonunbuzilishlariga barham berishga yo‘naltirilgan ishlar barcha tumanlarda davom ettirilmoqda.