30 Yanvar 2026 Yil 5647

“Profilaktika kuni” tadbirlari Prezident topshiriqlari ijrosiga qaratildi

Navbatdagi “Profilaktika kuni” tadbirlarida xodimlar oldiga ko‘plab dolzarb vazifalar qo‘yildi. Xususan, kuni kecha Prezidentimiz raisligida Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan namunaviy amaliyotni yaratish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida huquq-tartibot idoralari faoliyatiga berilgan tanqidiy baho, qayd etilgan kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Yurtimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini ta’minlash, shuningdek, jamoat xavfsizligi sohasidagi kamchiliklarni chuqur tahlil etish orqali poytaxt hududida xavfsiz muhitni shakllantirish, jamoat tartibini saqlash hamda jinoyatchilikning oldini olish borasida yangicha yondashuv va safarbarlik talab qilinishi ta’kidlandi. Prezidentimiz ko‘rsatib o‘tgan to‘rtta tahdid – uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot sohasidagi salbiy holatlarga qarshi kurash borasidagi ishlarni jadallashtirishni yangi bosqichga olib chiqish lozimligi alohida qayd etildi. Yurtboshimizning “Odamlar xotirjam, tinch yashashi uchun xavfsizlikni ta’minlashimiz, jinoyatchilikni oldini olishimiz kerak”, degan so‘zlari har bir IIO xodimlariga eslatib o‘tildi. Davlat rahbari tomonidan 2025 yilning 3 yanvarida, joriy yilning 5 yanvarida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasidagi qarorlari, shuningdek, 2025 yil 3 noyabrida imzolagan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatlaridan asrashga qaratilgan farmonlari ham eslatilib, kun tartibida hamon dolzarbligini yo‘qotmagani, ijrosini samarali ta’minlash jarayonlariga urg‘u berildi. Bu borada mahallalar, korxona, tashkilot, o‘quv muassasalarida profilaktik-tushuntirish ishlari, Probatsiya hamda profilaktika xizmati ro‘yxatlarida turuvchi shaxslar, uyushmagan yoshlar, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan ayollar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Muqaddam sudlanganlar ishtirokida qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, jamiyatga moslashuvi, bandligini ta’minlash kabi muhim masalalar amalga oshirilmoqda. Giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi, iste’moliga qarshi kurash, ayniqsa yoshlarimizni bu illatdan asrash borasida qator targ‘ibot, tushuntirish va ogohlantirish ishlari, ayniqsa, kibermakonda bolalarga bepul bonuslar va o‘yinlar valyutasi va’da qilinishi oqibatida g‘araz kimsalarning jinoiy tuzog‘iga tushib qolmasliklari uchun ota-onalarga bolalar bilan internet xavfsizligi qoidalariga amal qilish tavsiya etildi. Xususan, tumanlar IIO FMB rahbarlari tomonidan mahalla mas’ullari ishtirokida nizoli oilalardagi munosabatlar, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganilib, hal etish choralari izlanmoqda. Joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, “mahalla yettiligi” va faollari ishtirokida muhokama etilib, ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda. Aholining murojaatlarini joyida o‘rganish va hal etish maqsadida tuman IIO FMB boshliqlari tomonidan sayyor qabullar o‘tkazildi.

Poytaxt hududidagi targ‘ibot jarayonlarida asosiy e’tibor yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish, qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarning, profilaktik tadbirlarning ahamiyati, mahallalarda, poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi muhim o‘rni ta’kidlanib, jamiyat bilan davlat organlarining hamkorligigina ko‘zda tutilgan maqsadlarning amalga oshishida yordam berishi tushuntirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech