6 Iyun 2025 Yil 552

Probatsiya ro‘yxatidagi xotin-qizlar muammolari o‘rganildi

Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Kimdir bilib, kimdir bilmay, yana birov hayot, vaziyat taqozosi yoki ruhiy holati boshqasi esa o‘z qonunchilik asoslarini bilmay jinoyatga qo‘l uradi. Sodir etgan jinoyatlari uchun qonunchilik oldida javob berib, ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan, yengilliklar berilgan, shartli ravishda jazo o‘tayotganlar ichki ishlar organlari probatsiya hisobiga olinib, xodimlar tomonidan ular bilan muntazam ravishda profilaktik tadbirlar, suhbatlar olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bunday tadbirlar davomida ularning ijtimoiy, moddiy, tibbiy muammolari o‘rganilib, tegishli mutasaddi tashkilotlar, idoralar hamkorligida yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Sergeli tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi binosida o‘tkazildi. Unda tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi, Tibbiyot birlashmasi, Bandlikka ko‘maklashish markazi, Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, tuman IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari ishtirok etishdi. Tadbirda xotin-qizlarning ijtimoiy –maishiy holatini yaxshilash, sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, bandligini taʼminlash, psixologik yordam ko‘rsatish hamda huquqiy savodxonligini oshirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, salomatligi bo‘yicha tibbiy yordamga muhtoj 8 nafar ayolga bepul davolanish uchun yo‘llanma ajratildi. Uy-joyga muhtojligi bo‘lgan 6 nafariga subsidiya ajratish masalasi nazoratga olindi. Shuningdek, aliment to‘lash, otalikni belgilash, uy-joyga kiritib qo‘yish va boshqa ijtimoiy-maishiy masalalar bilan bog‘liq 8 nafar ayollarning murojaatlari bo‘yicha huquqiy maslahatlar va tavsiyalar berildi. Probatsiya hisobidagi xotin-qizlarimizni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, jamiyatimizning faol fuqarolariga aylanishi uchun ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash borasidagi ezgu ishlarning amalga oshirilishi yurtimizda qonun ustuvorligini taʼminlash va inson manfaatlarini har narsadan ustun ekanligidan dalolat beradi.

Barcha yangiliklar

Text to speech