20 Noyabr 2025 Yil 329

Prezident farmoni ijrosi yuzasidan uchrashuvlar davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabr kunidagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-207-sonli Farmoni jamiyatimizdagi eng og‘riqli illatga barham berishda muhim qadam bo‘ldi. Farmon ijrosini to‘liq va sifatli ta’minlash maqsadida IIV tomonidan joriy yilning 20 noyabr kunidan boshlab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi. Oylik doirasida giyohvandlikka qarshi kurashish tadbirlarini jadallashtirish, giyohvandlikning inson salomatligi va millat genofondiga salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish maqsadida joylarda uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.


Sergeli tumanida tuman hokimi va IIO FMB boshlig‘i boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda soha mutasaddilari, mahalla raislari, yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari ishtirok yetdi. Yig‘ilish davomida hududlarda giyohvandlikka qarshi kurash borasidagi vaziyat batafsil ko‘rib chiqildi. Mas’ul xodimlarga tartibni kuchaytirish, nazoratni izchil olib borish va profilaktika ishlari samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi. Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning oldini olish, xavf-xatarlardan ogoh etish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.


Shu kabi tadbir Olmazor tumanidagi Toshkent yoshlar markazida ham bo‘lib o‘tdi. Tuman IIO FMB boshlig‘i va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan mazkur uchrashuvda talabalarga giyohvand moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning zarari, inson ongiga salbiy ta’siri, bunday harakatlarning huquqiy oqibatlari haqida to‘liq ma’lumotlar berildi. Uchrashuv so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javoblar olishdi.


Prezident farmonining mazmun mohiyati, uning dolzarb vazifalarni ijro etishga qaratilganligi yuzasidan targ‘ibot ishlari maktablarda ham olib borilmoqda. Yangihayot tumani IIO FMB rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘quvchilarga tushunarli shaklda targ‘ibot ishlari olib borildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan ushbu uchrashuvlar o‘quvchilarning bilim saviyasini oshirishga, huquqiy ongini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.


Bu kabi tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech