Prezident Shavkat Mirziyoyev "Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi
Farmonda ko‘zda tutilgan asosiy chora-tadbirlar:
➖Toshkentda qurilish maydonlari nazorati kuchaytiriladi. Bir hafta ichida 500 M² va undan katta maydonlarda kompleks tekshiruvlar o‘tkazilib, maydonlarning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilgani, suv purkagichlar o‘rnatilgani, kirish-chiqish yo‘llarida avtotransport g‘ildiraklari yuviladigan havzalar mavjudligi va materiallar brezent yoki PVX qoplama bilan yopilgan holda tashilayotgani tekshiriladi. Chang va qumning havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik talablari qat’iy nazoratga olinadi.
➖Katta qurilish maydonlarida monitoring stansiyalari majburiy bo‘ladi. Maydoni 1 000 M²dan ortiq obyektlarda monitoring uskunalarini o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasi tizimiga ulash qurilishni davom ettirishning asosiy sharti etib belgilandi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylarida daraxt va butalarni muntazam yuvish, ko‘p kvartirali uylarda sug‘orish uchun rezervuarlar o‘rnatish choralari ko‘riladi.
➖Poytaxtda mikroiqlim barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yirik loyihalar boshlanadi. Uch oy muddatda shaharning to‘rt yo‘nalishi bo‘ylab kamida uchtadan sun’iy ko‘l va suv havzasi barpo etiladi. Shu bilan birga, ikki hafta ichida Toshkentdagi favvoralar sonini kamida ikki baravarga ko‘paytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.
➖Issiqxonalar bo‘yicha nazorat keskin kuchaytiriladi. Bir haftada issiqxonalarni tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Shuningdek, 200 M²dan ortiq issiqxonalarda chang tarqatish va ekologik talablarni buzish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar uchun jarimalar oshiriladi, yoqilg‘i yoqilishi holatlarida esa obyektlarni davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik tartibi joriy etiladi.
➖2025 yil oxirigacha atmosfera nazorati to‘liq modernizatsiya qilinadi. 347 ta avtomatlashtirilgan stansiya xarid qilinib, “Air Monitoring Tashkent” tizimi Ekologiya qo‘mitasi boshqaruviga o‘tkaziladi va umummilliy “Air Monitoring Uzbekistan” platformasiga integratsiya qilinadi. Gidrometeorologiya xizmati stansiyalari va “Zamin” fondi o‘rnatgan postlar ham yagona monitoring tizimiga ulanadi.