Kun tartibida – mahallalarda aholi daromadini oshirish, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar va 2026-yildagi vazifalar.
Davlatimiz rahbari bu yo‘nalishda barcha zarur moliyaviy va tashkiliy masalalar hal qilib berilganini ta’kidladi.
Jumladan, pastda ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, mahallama-mahalla yurib, yangi tashabbuslarni topib, odamlar hayotini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan viloyat, tuman hokimlari va ular xodimlarining moddiy va texnik imkoniyatlari tubdan yaxshilandi.
“Endi vazirlar, hokimlar, rahbarlar o‘ziga savol bersin: shuncha yaratilgan sharoitdan, imkoniyatdan qay darajada foydalanyapti? Nima natija qilyapti? Islohotlarimiz natijasi har bir oilaga, har bir xonadonga kirib boryaptimi? Odamlar buni qanday his qilyapti?
Bunday savollar ko‘p. Barcha rahbarlar tayyor tursin. Yil tugayapti, bugun natijalarni tahlil qilib, ayrimlarga nisbatan xulosa qilaman”,
– dedi Prezidentimiz.
Joriy yil boshidan ishsizlik 4,9 foizga tushdi (o‘tgan yili 5,5 foiz bo‘lgan).
Ayniqsa, Buxoro, Kogon, Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on, Samarqand, Shirin shaharlarida ishsizlik 4 foizdan pasayib, ilk bor “tabiiy ishsizlik” darajasiga yaqinlashdi.
Ehtiyojmand 302 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Yil yakunigacha kambag‘allik darajasi 6 foizgacha kamayishi kutilmoqda (o‘tgan yili 8,9 foiz bo‘lgan).
Sharoiti og‘ir bo‘lgan Xovos, Mirzaobod, Oqoltin, Do‘stlik, Paxtakor, Forish, Bo‘ston, Vobkent, Mirishkor, Mingbuloq, Uzun va Piskentda kambag‘al oilalar soni 4,5 barobargacha kamaydi.
Ilgari qiyin ahvolda bo‘lgan 105 ming oila daromad ko‘rishni boshladi, kambag‘al oilalarning o‘rtacha daromadi yil boshiga nisbatan 2 barobarga oshdi.
Joriy yilda ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.
Davlatimiz rahbari Uzun tumanini namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etdi. 51 ta mahallasi bo‘lgan tumanga joriy yil kambag‘allikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard so‘m mablag‘ berilgan.
Tumanga 70 million dollar xorijiy investitsiya olib kelindi, 47 ta korxona ishga tushirildi, 300 ta servis obyektida 1 ming nafar odam ishli bo‘ldi, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi o‘rtasida kooperatsiya yo‘lga qo‘yildi, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli bo‘ldi.
Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambag‘allik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani ko‘rsatib o‘tildi. Kambag‘al oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida o‘zgarish bo‘lmagan.
Yoki Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard so‘m resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.
Shu bois, Denov tumani hokimi I.Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh.To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F.Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z.Ergashev ishdan olinishi belgilandi.
Ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta - Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirildi.
Mahallalarga yaxshi loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun bankirlar biriktirilgan.
Lekin, ayrim tuman bankirlari davlatning arzon resursini samarasiz loyihalarga berib yuborayotgani tanqid qilindi.
Mutasaddilarga mahallalarga tushib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, sohada nazorat va intizomni kuchaytirish topshirildi.
Umuman, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar mas’ul ishdan olingani, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgani ma’lum qilindi.
“Ehtiyojmand oilalarning eng og‘ir qatlami qoldi. Bunday 400 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish uchun viloyat, tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari, bandlik, bank rahbarlari, “mahalla yettiligi” o‘zini dunyoqarashi va ish uslubini o‘zgartirishi kerak”,
– dedi davlatimiz rahbari.
Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi.
Keyingi yilda iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit ajratilishi, 140 trillion so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.
Prezidentimiz kelgusi yil uchun vazifalarni belgilab berdi.
Birinchi yo‘nalish – qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish.
Kelgusi yilda mamlakatimizda 675 trillion so‘mlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trillion so‘mi qurilish ishlariga to‘g‘ri keladi.
Kelgusi yilda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan.
Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining o‘zidan kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini ta’minlashi mumkinligi qayd etildi.
Eng katta yangilik – 2026-yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m viloyatlarning o‘ziga beriladi.
Lekin bu mablag‘ hamma tumanga teng taqsimlanmaydi.
Chunki, Do‘stlik tumanida berilgan 5 milliard so‘m maqsadli ishlatilib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli ko‘chaning infratuzilmasi yaxshilandi, kun-u tun ishlaydigan maskanga aylantirildi. Ishning samarasi ko‘ringani sababli tumanga yana 10 milliard so‘m ajratilgan edi, ko‘chaga tutashgan daryo bo‘yi obodonlashtirildi, savdo-servis uchun qo‘shimcha joy ochildi. Natijada 130 ta yangi tadbirkor ish boshlab, 700 nafar odamni band qildi.
Lekin xuddi shunday “drayver” loyihalar uchun mablag‘ olgan Uchko‘prik, Bektemir, Jomboy, Kitob, Toshkent tumanlarida hali natija ko‘ringani yo‘q.
“Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija ko‘rsatsa, o‘sha tuman ko‘p mablag‘ oladi”,
– dedi Prezident.
Viloyat hokimlariga ish o‘rni yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga katta turtki beradigan loyihalarni saralab, barcha tayyorgarlikni shu yilning o‘zida oxiriga yetkazish topshirildi.
Ikkinchi yo‘nalish – servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini ta’minlash.
Mamlakatimizda eng yuqori o‘sish sur’atini ta’minlayotgan soha xizmatlar sohasi ekani ta’kidlandi.
Lekin viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta sur’at berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadini ko‘paytirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, xizmatlar hajmini 10 trillion so‘mga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin.
Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3-5 milliard so‘mdan beriladi.
Viloyat, tuman hokimlari, Turizm qo‘mitasiga yil yakunigacha barcha mahallalar uchun master reja qilish, yer auksionlari va loyihalarni tadbirkorlarga e’lon qilib, qurilish ishlarini boshlash topshirildi.
Tuman banklari bu joylarda mehmon uylari barpo etish uchun 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratishni yo‘lga qo‘yadi.
Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli e’tibor qaratmayotgani qayd etildi.
U yerlarga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanib, mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obyektlari tashkil qilinsa, 50 ming xonadonning daromadi ko‘payadi.
Masalan, So‘x daryosining Sarikanda, Rovon, Istiqlol mahallalari hududidan o‘tgan 5 kilometr qismida kurort zona va ko‘ngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyoh keladi. Buning hisobiga 200 ta oilaning daromadi oshadi.
Agar har bir hokim 563 ta mahallada ishni shu tartibda yo‘lga qo‘yib, kamida 100 ming odamni band qilsa, 25 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi qayd etildi.
Umuman, kelgusi yilda bu mahallalardagi aholi turmushida vaziyat keskin o‘zgarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu mahallalarda dam olish va servis obyektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion so‘m resurs ajratish topshirildi.
Sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish bo‘yicha 500 ta mahalla tanlab olingan.
Viloyat hokimlariga yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazib, kanal qirg‘oqlari va yo‘l chetini tekislab, tadbirkorlik loyihalari uchun sharoit yaratish topshirildi.
Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 milliard so‘mgacha kredit berishni yo‘lga qo‘yadi.
Kelasi yilda bu loyihalar hisobiga 50 ming odamni doimiy daromadli qilish muhim ekani qayd etildi.
Aholining daromadi oshishi bilan ovqatlanish, turizm, savdo xizmatlariga talab ko‘payib, shu yilning o‘zida 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushdi. Ularda 11 ming xizmat ko‘rsatish obyektlari ish boshladi, 27 mingga yaqin aholining bandligi ta’minlandi.
Hokimlar kelgusi yilda bunga qo‘shimcha 1 mingta mahallani bog‘laydigan yana 200 ta ko‘chani tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan.
Bir oyda aniq “yo‘l xaritasi”ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir ko‘cha uchun 4 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi. Buni hisobidan 25 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ovqatlanish, savdo va servis sohasida o‘zining brendini yaratgan korxonalar butun respublika bo‘yicha 100-150 tadan savdo nuqtasini ochib, kamida 3-5 mingta ish o‘rni yaratish tashabbusini bildirgan edi.
Viloyat hokimliklariga milliy brendlarning joylarda filial tashkil etish bo‘yicha loyihalariga ko‘maklashish topshirildi.
Agar brendlar yangi ochiladigan filial uchun xodimlarni o‘zim o‘qitaman, desa, buning xarajati Bandlik jamg‘armasidan qoplab beriladi.
Filialini ko‘paytirish istagidagi brendlar uchun yangi moliyaviy instrumentlar joriy qilinib, 2026-yilda bunga 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Uchinchi yo‘nalish – sanoat loyihalari orqali doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish.
Kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda 52 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan.
Mutasaddilar mahalliy sanoat tarmoqlarida 22 milliard dollarlik 3,5 mingta loyihani ishga tushirib, 130 ming doimiy ish o‘rni tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
G‘ijduvon tajribasi asosida hozirda 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan. Tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5-10 kishini ishga olishga tayyor.
Shu munosabat bilan tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta “mikrosanoat markazi”ni ishga tushirish, banklar bilan birgalikda kamida 800 milliard so‘mlik 1,5 ming kichik sanoat loyihasini amalga oshirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirildi.
Bu markazlarning infratuzilmasi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirish.
Kambag‘allikni qisqartirishda aholiga 232 ming gektar yer bo‘lib berilgani natijasida 770 ming odam daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Lekin tajribasi yetishmagani, sifatli urug‘, mahsulotiga bozor topishga qiynalgani uchun ularning uchdan birida daromad kam.
Tomorqa egalariga serhosil urug‘ni tanlash, ishni to‘g‘ri tashkil etish orqali yerdan daromadni keskin oshirishni o‘rgatish maqsadida Termiz tumanida Tomorqa maktabi tashkil qilindi.
Ushbu maktabda tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda Surxondaryo sharoitida 5 martagacha ekin ekish o‘rgatilyapti. 3 ming nafar ehtiyojmand aholi sitrus meva, anjir, xurmo, gul yetishtirish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitildi.
Agar bu tajriba barcha hududlarda joriy qilinsa, mahsulot yetishtirish ham, eksport ham, asosiysi, dehqonlarning daromadi ham 4-5 karra ko‘payadi.
Shu bois, har bir viloyatda kamida 5 tadan bunday maktablarni tashkil qilib, ijaraga yer olgan odamlarni serdaromad ekin ekishga o‘rgatish topshirildi. Dehqonlar ijaraga olgan yerida yetishtirgan mahsulotni kafolatli sotishi uchun “Eksportchi kooperativlari” tashkil qilinadi.
Kelgusi yilda meva-sabzavot va oziq-ovqatni eksport qilish bo‘yicha 4 milliard dollarlik marra belgilangan.
Bu borada meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta mahallada ishga solinmagan katta zaxira borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, “Qo‘shrabot agrostar” kompaniyasi mas’ul bo‘lgan Samarqand va Navoiydagi 84 ta mahalla mayiz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 5 million dollar investitsiya kiritilib, Qo‘shrabot tumanida mayizni saralash, saqlash, qadoqlashga ixtisoslashgan zamonaviy agrokompleks tashkil etilmoqda.
Qolgan 15 ta "Agrostar" kompaniyasi ham shunday ishlasa, 1 mingta ixtisoslashgan mahallaning o‘zidan 500 million dollar eksport, qo‘shimcha 100 ming odamni daromadli qilish mumkin.
Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari hokimlariga banklar bilan hamkorlikda o‘z hududida "Agrostar" kompaniyalarini tashkil qilish topshirildi.
Beshinchi yo‘nalish – ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
“Hamma eshitib olsin, bundan buyon daromad topish imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar kambag‘allar reyestrida bo‘lmaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlashni davlat zimmasiga oladi”,
– dedi Prezidentimiz.
Yangi yildan “Teng imkon – inklyuziv bandlik” loyihasini joriy etib, nogironligi bo‘lgan 40 ming odamni ishli qilish muhim ekani ta’kidlandi. Bandlik jamg‘armasidan ularga 30 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Kambag‘allikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlab qolinadi.
Ularga 6 oy mobaynida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettiriladi, bog‘cha va to‘garak xarajatini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy davomida qo‘shimcha foydalanish imkoni beriladi.
Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyat sababli kambag‘allikka tushib qolishi xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlab, ularga manzilli yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Bu vazifalar ustidan nazorat hamda viloyat hokimlari bilan ijrosini tashkil qilish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.
Ish o‘rinlarini “soyadan chiqarish” masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mahallalarda hokim yordamchisi, soliq inspektori tushuntirish ishlarini olib borishi, manzilli ishlab, kelasi yilda kamida 250 mingta xodimni legallashtirishi muhimligi qayd etildi.
Yaqinda ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha imzolangan farmonga muvofiq, xususiy sektordagi ishchilarga ham kasallik va dekret pulini davlat to‘lab beradi.
Bu ham “soyadan chiqib”, rasmiy ishlash uchun katta turtki bo‘ladigan muhim mexanizm ekani ta’kidlandi.
Shu bois, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va viloyat hokimlariga bu tizimni samarali ishlatib, kelgusi yilda 100 ming, 2027-yilda yana 200 ming ish o‘rnini “soyadan chiqarish” choralarini ko‘rish topshirildi.
“Umuman, mahalladagi odamlar qachon pul kelishi, qanaqa o‘zgarishlar bo‘lishi, qancha ish o‘rni yaratilib, qancha oilaning daromadi oshishini bilishi kerak”,
– dedi Prezidentimiz.
Shu bois, mutasaddilarga bu ishlarni nazorat qiladigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.
“2026-yilda loyihaviy yondashuv asosida hududlarda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish” bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.
“Yana bir marta takrorlayman, ulkan maqsadlarni mablag‘i bilan boshlayapmiz. Vazirlar, ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari, viloyat va tuman hokimlari, eng asosiysi, “mahalla yettiligi” ishga qattiq kirishmasa, o‘zgarish bo‘lmaydi”,
– dedi davlatimiz rahbari.
Bosh vazirga bugungi topshiriqlarni vazir va hokimlarga 2026-yil uchun samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) sifatida belgilab berish topshirildi.
Yig‘ilish davomida hudud va tarmoqlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi.