Poytaxtimizning Bektemir tumanida UNESKO tashkilotining 80 yilligi munosabati bilan ko‘chat ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi
Bugungi kunda tabiatni asrash, atrof-muhitni sof saqlash va ekologik muvozanatni taʼminlash insoniyat oldida turgan eng dolzarb masalalardan biridir. Bu yo‘nalishdagi eng samarali va oddiy tadbirlardan biri — daraxt ekish hisoblanadi. Daraxtlar nafaqat go‘zallik va soya manbai, balki Yer yuzidagi hayotning asosiy suyanchig‘i sanaladi. Ular changni to‘sadi, havoni namlaydi va iqlimni meʼyorlashtiradi. Shahrimizda ko‘kalamzor maydonlar soni ko‘paygani sayin havo sifati yaxshilanadi, issiqlik darajasi pasayadi, ekologik vaziyat meʼyorlashadi.
Toshkentni “yashil shahar”ga aylantirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Shunday tadbirlarning navbatdagisi Bektemir tumanining “Nurli yo‘l” mahallasida bo‘lib o‘tdi. UNESKO tashkil topganligining 80 yilligiga bag‘ishlangan ekologik tadbirda ming tup manzarali daraxtlar ekildi. Toshkent shahar hokimiyati, IIBB, Milliy Gvardiya, Soliq boshqarmasi, prokuratura, Bektemir tumani hokimligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshliqlari, tuman mutasaddilari, deputatlar, mahalla raislari faol ishtirok etgan mazkur aksiya barcha soha vakillarini ezgu maqsadda birlashtirdi. Zero, daraxt ekish — bu tabiatga qilingan inʼomdir. Har bir ekilgan daraxt kelajak avlod uchun sof havo, soya va hayot manbai bo‘lib xizmat qiladi.