Poytaxt IIBB yosh xodimlari o‘rtasida “Kibersport” turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
Prezidentimizning “Kibersport turlarini yana-da rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent shahar ichki ishlar organlarining iqtidorli yosh xodimlarini aniqlash, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish orqali xodimlarning ijodiy, kasbiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishga, shuningdek zamonaviy bilimlarni egallashga bo‘lgan ishtiyoqlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, joriy yilning 15 fevral kuni “Kibersport”ning “Counter strike 2” turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
Bellashuvlarda har biri 5 nafar xodimdan tashkil topgan 41 ta jamoa ishtirok etib, g‘oliblik hamda respublika turniriga yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun qizg‘in va murosasiz kurash olib borishdi. Turnir yakuniga ko‘ra 1-o‘rin Yashnobod tumani IIO FMB jamoasiga nasib etib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik batalyoni jamoasi, 3-o‘rinni Mirobod tumani IIO FMB jamoasi egalladi.
G‘oliblar Bosh boshqarmaning tegishli diplom hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Mazkur musobaqa yoshlarni o‘z bilimlarini chuqurlashtirish, zamon bilan hamnafas qadam tashlash hamda o‘z bilim va isteʼdodlarini namoyon etishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Buni jamoa aʼzolarining katta g‘ayrat va shijoat bilan bahslarda ishtirok etganidan anglash qiyinmas.