29 Noyabr 2025 Yil 298

Poytaxtimizda “Har bir murojaatga – adolatli yechim” oyligi boshlandi

Prezidentimizning tashabbusi bilan yurtimizda inson manfaatlari ustuvor qo‘yilib, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash hamda ular asosida olib borilayotgan ishlar natijakorligini oshirish maqsadida Toshkent shahar IIBB va hududiy tuzilmalari rahbariyati tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar tizimli ravishda o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari tinglanib, ularni qonuniy hal qilish choralari ko‘rilmoqda.

Qabullar davomida rahbarlar aholi bilan ochiq va bevosita muloqotga kirishib, turli ijtimoiy-maishiy, huquqiy masalalar, oilalardagi nizolar, profilaktika ishlari, yo‘l harakati xavfsizligi va boshqa sohalardagi mavjud muammolarni o‘rganib, hal qilmoqda. Eng muhimi, murojaatlar faqat yozib olinib, ijrosi ortga surilmay, balki shu yerning o‘zida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar qonuniy yechimini topyapti. Bu esa fuqarolarning ortiqcha sansalorlikdan qutqarib, qimmatli vaqtlarini tejamoqda va ularning minnatdorligiga sabab bo‘lyapti. Aholini qiynab, o‘ylantirib kelayotgan muammolarga diqqatni qaratish, ijtimoiy yaqinlashish, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, haq-huquqlarini kafolatlash, fuqarolar va ichki ishlar organlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni kuchaytirish, hamkorlikni mustahkamlash maqsadida, poytaxt IIBB va hududiy tuzilmalarida joriy yilning 27 noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida “Murojaatlar oyligi” tadbiri boshlandi. Fikrimizning dalili sifatida qator misollarga yuzlanamiz.

Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi S.Risolatxon tanishiga katta miqdorda qarzga pul berib, qaytarib ololmayotgani haqida, O.Saidaxon qizining nomidagi uyda yashab kelayotgani, ammo ayni vaqtda farzandi bilan uy masalasida mojaro yuzaga kelganligi sababli uy-joy masalasini hal qilishda yordam so‘rab murojaat qilishgan. Tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilishi natijasida Risolatxon bergan pullarning katta qismi qaytarildi, Saidaxonga fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi yuzasidan huquqiy tavsiyalar berilib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatilgan.

Yunusobod tumanida yashovchi M.Feruzaning yashash manzili yo‘lagiga kuzatuv kamerasi o‘rnatib berish borasidagi murojaati ijobiy hal etildi. Shuningdek, Ch.O‘tkir unga nisbatan haqoratomuz xatti-harakatlar bo‘yicha yuritilgan ishning, N.Doniyor o‘g‘li bilan sodir etilgan tan jarohati jinoyati bo‘yicha to‘plangan hujjatlarning sudga oshirilishi muddati cho‘zilayotgani haqidagi murojaatlari o‘rganib chiqildi. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha tekshiruv yakunlanib, qisqa muddatga sudga yuborilishi ta’minlandi.

Bu kabi xalq ichiga kirib borish, ularning dardu tashvishlari bilan yashash, konstitutsiyaviy haq-huquqlarini to‘liq kafolatlashga qaratilgan tadbirlar “Murojaatlar oyligi” doirasida yanada jadallashtirilib, adolatli yechimi ta’minlanadi. Holbuki, tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ana shu.

Barcha yangiliklar

Text to speech