11 Fevral 2025 Yil 942

Poydevorni mustahkamlayotganlar

Har bir kasb o‘z egasi bilan chiroyli. Zotan, kasbga ishtiyoq va havas uyg‘otish, ortidan boshqalarni ergashtirish kasb egasining yurish-turishi, muomalasi, odob-axloqi, xatti-harakati, obro‘-e’tibori, kasbiga qanday yondashishiga qarab belgilanadi. Olimjon aka ham ichki ishlar organlarida 1970-yil oxirlarida Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida faoliyatini boshlagan. O‘sha yillarda sirtdan zamon tinch ko‘rinsa-da turli ko‘rinishdagi jinoyatlar bot-bot sodir etilardi. Ularga qarshi kurashda hozirgidek zamonaviy texnik vositalar, asbob-anjomlar, texnologiyalar yo‘q edi. Shunga qaramay ichki ishlar xodimlari o‘z ishlarini vijdonan, halol bajarishib, jo‘n uslub va mantiqqa tayangan holda aybdorlarni aniqlab, jinoyatga jazo muqarrarligini ta’minlashardi. Turli sohalarda faoliyat yuritib chiniqqan, tajriba orttirgan Olimjon aka viloyatning bir necha tumanlarida boshliq lavozimlarida ishlab podpolkovnik unvonida nafaqaga chiqdi. Ayni paytda nafaqada bo‘lishiga qaramay tez-tez ichki ishlar organlariga taklif etilib, yoshlarga o‘z tajribasini o‘rgatish, yo‘l-yo‘riqlar berish barobarida mahallada jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, obodonligi borasida amalga oshirib kelinayotgan ishlarga bosh-qosh. Olimjon akaning yillar osha to‘plagan tajribasi, malakasi hamon ish bermoqda, zoye’ ketayotgani yo‘q. Otasining yurt osoyishtaligi va tinchligini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash ishiga o‘zini baxshida etganligi, o‘z ishiga fidoyiligi uning o‘g‘li Elyorda ham shu kasbga ishtiyoq uyg‘otgan. Ayni vaqtda podpolkovnik Elor Majidov poytaxt IIBBda mas’ul lavozimda sidqidildan faoliyat yuritib kelmoqda. Bobosi va otasining uzun tunlar ish yuzasidan suhbatlarini eshitib, jiddiy masalalarda bahs-munozaralariga guvoh bo‘lgan, jinoyatchilar bilan basma-bas kelgan vaziyatlar, xavf-xatarga to‘la voqealar haqida eshitib voyaga yetgan Abbosxon maktab davridayoq tengdoshlaridan farqli o‘laroq allaqachon kasbini tanlab bo‘lgan va bu haqda ota-onasi xabardor edi. Otasi Elyor aka va onasi Dildora opa uning qarorini qo‘llab-quvvatlaganda, bobosi Olimjon aka faxr va quvonchdan uzoq vaqt nevarasini bag‘riga bosib turgandi. 9-sinfni bitirgach, IIVning 1-son Toshkent akademik litseyiga o‘qishga kirib, uni 2022-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan lavhamiz qahramoni O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasiga hujjatlarini topshirdi. Mana bugun Abbosxon Akademiyaning 3-kurs tinglovchisi. O‘qish jarayonida faol va tirishqoq. Ayni damda IIV Akademiyasi tinglovchilari poytaxt IIBB tumanlarida malakaviy ish o‘rganish amaliyotini o‘tashga kirishganlar. Sohaning tergov yo‘nalishida tahsil olayotgan Abbosxon Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limida amaliyot o‘tamoqda. Ustozlari bo‘lim katta tergovchisi, mayor Hamid Qurbonov, tergovchi, leytenant Abdurahmon Isayevlar sohaga kirib kelayotgan bo‘lajak yosh tergovchi Abbosxon Olimjonovga bilim yurtida olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, malakasini oshirish, tanlagan kasbining o‘ziga xos jihatlarini o‘rgatish bo‘yicha mas’uldirlar.

– Bobosi va otasidan ozmi-ko‘pmi ichki ishlar organlari faoliyati haqida tushunchalar olgan Abbosxonga ish uslublarini tushuntirish, yo‘l-yo‘riqlar berish oson,–deydi leytenant Abdurahmon Isayev. – Undagi qiziqish, tirishqoqlik, sinchkovlik eng asosiysi, o‘z kasbining yetuk va bilimdon mutaxassisi bo‘lishga intilishi e’tirofga loyiqdir.

Ichki ishlar organlarida sidqidildan ishlab, el-yurt, Vatan manfaatlarini himoya qilib kelayotgan xodimlarimiz orasida bu faoliyatning davomchi vakillari aksariyatni tashkil qiladi. Yurtimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlashga bel bog‘lagan Abbosxon Olimjonov shunday sulolaning uchinchi avlod vakili hisoblanadi. Bobosi hamda otasining izidan borib, ularga munosib avlod bo‘lish, ishini samarali davom ettirish yo‘lida o‘qib-izlanayotgan Abbosxonga bu yo‘lda muvaffaqiyat va ulkan yutuqlar tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech