22 Noyabr 2025 Yil 264

Pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasi to‘xtatib qolindi

Bayramlar oldidan mushakbozlikka qiziquvchi, o‘zlari ham undan foydalanishni xush ko‘ruvchilar soni ko‘payib qoladi. Biroq, mo‘may daromad topish ilinjida texnik xavfsizliklarga rioya etmay qo‘lbola sharoitlarda ishlab chiqarilgan, noqonuniy yo‘llar bilan yurtimizga olib kirilayotgan pirotexnik vositalarning inson hayoti, salomatligi uchun zararli oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rishmaydi. Toshkent shahar IIBB tezkor xizmat xodimlari tomonidan noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan sifatsiz va xavfli bo‘lgan pirotexnika vositalarining navbatdagi noqonuniy muomalasi to‘xtatib qolindi.

Mirobod tumani hududida xizmat olib borayotgan xodimlarning eʼtiborini o‘zini shubhali tutgan fuqaro tortadi. Shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida to‘xtatilgan ushbu fuqaro 2007 yilda tug‘ilgan, A.Doston ekanligi maʼlum bo‘ldi. Uning yonidan sotish uchun olib yurgan, umumiy narxi 7.500.000 so‘m bo‘lgan 22 dona pirotexnika vositalari aniqlandi. Ushbu daliliy ashyolar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185 prim 1-moddasi (“Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Barcha yangiliklar

Text to speech