12 Dekabr 2025 Yil 184

Payshanba tadbirlari kundaligidan

Haftaning har payshanba kuni poytaxtimiz hududida keng qamrovli profilaktik tadbirlarning o‘tkazib kelinayotganligi jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘z natijakorligini ko‘rsatmoqda. Har doimgidek, navbatdagi “Profilaktika kuni” da o‘tkazilgan tonggi yo‘riqnomada kun davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar taqsimlanib, ularning samarali ijrosini taʼminlash borasida zarur ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik illatlaridan asrash, poytaxt hududida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha Farmonda berilgan topshiriqlarni mahallabay ijro etish ishlarini jadallashtirish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan avf etilganlar, probatsiya ro‘yxatida va profilaktik hisobda turuvchi shaxslar o‘rtasida yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, jamiyatga moslashuvi, bandligini taʼminlash kabi muhim masalalar ham taʼkidlab o‘tildi.

Toshkentda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhlar soha vakillari hamkorligida poytaxt havosini moʻtadillashtirish, atmosferani ifloslantirayotgan ayrim korxona va tashkilotlar, issiqxonalar faoliyatiga o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirildi. Mutasaddilar poytaxtimiz hududida olib borilayotgan qurilish obyektlarida bo‘lib, havoga chang-to‘zon ko‘tarilishi, atrof-muhitga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillardan foydalanmaslik, atmosfera havosi tozaligini saqlash yuzasidan zaruriy tavsiyalar berishdi.

Prezidentimiz farmoniga ko‘ra avf etilganlar, probatsiya hamda profilaktik ro‘yxatda turuvchi shaxslarning xonadonlaridagi shart-sharoitlarini o‘rganish ishlari olib borildi. O‘tkazilayotgan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlarda ularning bandligini taʼminlash, jamiyatga moslashtirish bilan bog‘liq masalalar ham eʼtibordan chetda qolmayapti. Probatsiya bo‘limlari hamda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolarini qonuniy hal qilish, qayta jinoyatlar sodir etilishining oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Bu ishlar davom ettirilib joylarda tashkil etilgan sayyor sudlar tomonidan Probatsiya bo‘limi xodimlarining taqdimnomalariga asosan, tuzalish yo‘liga kirgan, namunali xulqi va sog‘lom turmush tarzini tanlagan mahkumlarni muddatidan ilgari jazodan ozod qilish choralari ko‘rildi. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgan mahkumlarga esa sudlar tomonidan jazo turlari og‘irrog‘iga o‘zgartirildi. Bu dolzarb tadbirlar qatorida giyohvandlik vositalari, psixotrop, o‘tkir taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, tarqatilishi, isteʼmoliga qarshi kurash, ayniqsa yoshlarimizni bu balodan asrashga qaratilgan ishlar mahallalar, idora va tashkilotlar, o‘quv muassasalarida keng targ‘ibot qilinmoqda. Shuningdek, tumanlar IIO FMB va mahalla masʼullari ishtirokida nizoli oilalardagi munosabatlar, foydali mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlarning muammolari o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi. Joylarda sodir etilgan oilaviy zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar, qonunbuzilish holatlari jamoatchilik vakillari, “mahalla yettiligi” va faollari ishtirokida muhokama etildi. Poytaxt hududidagi taʼlim muassasalarida o‘tkazilgan targ‘ibotlarda asosiy eʼtibor yoshlarning huquqiy madaniyati, savodxonligini oshirish, qabul qilinayotgan meʼyoriy hujjatlarning, profilaktik tadbirlarning ahamiyati, mahallalarda, poytaxtimizda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi muhim o‘rni taʼkidlanmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech