Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash maqsadida, ta’lim muassasalarida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish va hamkor tashkilotlar rolini kuchaytirish doirasida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan kengaytirilgan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari A. Ochilov, tuman HPB inspektor-psixologlari, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining mas’ul xodimlari, tumandagi 32 ta umumta’lim maktabi rahbarlari hamda 32 nafar chaqiriqqacha boshlang‘ich ta’lim rahbarlari bilan ochiq muloqot olib borildi.
Muhokama jarayonida maktablarga biriktirilgan inspektor-psixologlar bilan hamkorlikda, chaqiriqgacha boshlang‘ich ta’lim rahbarlari ishtirokida har kuni “Xavfsiz ta’lim” tadbiri doirasida “Tig‘” va “Davomat” tadbirlarini o‘tkazish, muntazam dars mashg‘ulotlariga kelmayotgan o‘quvchilarni ta’limga qaytarish, shuningdek ularning ota-onalariga qonuniy tartibda choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tarbiyasi og‘ir, maktab ichki ro‘yxatida turuvchi o‘quvchilarni ijobiy tomonga yo‘naltirishda barcha birdek mas’ul ekani, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish maqsadida maxsus muassasalarga tashriflar tashkil etish zarurligi qayd etilib, bildirilgan taklif va mulohazalarga to‘liq javoblar berildi.
Yoshlar xavfsizligi va ta’limdagi tartib — doimiy e’tibor markazida.