25 Fevral 2026 Yil 279

O'zDJTUda taʼlim muassasalarida xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Taʼlim muassasasida xavfsiz muhitni shakllantirish, pedagog va xodimlarning huquqiy, psixologik masʼuliyatini oshirish masalalari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda oliy taʼlim tizimida sog‘lom maʼnaviy muhitni taʼminlash, pedagoglarning kasbiy etikasi va shaxsiy namunasini mustahkamlash dolzarb vazifa ekani taʼkidlandi.
Davra suhbatida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlig‘i, podpolkovnik Normatova Shirin Abdulnabiyevna jamiyatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktik ishlar samaradorligini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat” targ‘ibotchilar jamiyati aʼzosi, yuridik fanlar doktori, professor Muhiddinova Feruza Abdurashidovna taʼlim muassasalarida kasbiy etika, qonunchilik talablari hamda pedagog xodimlarning javobgarligi yuzasidan atroflicha maʼlumot berdi.
Shuningdek, tadbirda Uchtepa tumani “Hazrat Umar” jome masjidi imom-xatibi so‘zga chiqib jamiyatda odob-axloq, o‘zaro hurmat va maʼnaviy qadriyatlarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Davra suhbati pedagog va ishchi xodimlar orasida masʼuliyat, hurmat va professional madaniyatni yana-da mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Barcha yangiliklar

Text to speech