Prezidentimizning respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yo‘li bilan jinoyatchilikni kamaytirish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qaroriga asosan o‘tkazib kelinayotgan tezkor-profilaktik tadbirlar kriminogen vaziyatni moʻtadillashtirishda o‘zining samaradorligi va yuqori natijakorligini namoyon etdi. Bu jarayonni yana-da jadallashtirish va ijobiy yondashuvlar miqyosini kengaytirish maqsadida joriy yilning 15 iyulidan 15 avgustiga qadar Toshkent shahrida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasidagi keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarning 2-bosqichi o‘tkazilmoqda.
Oylik doirasida fuqarolar bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari kuchaytirilib, uchrashuv, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar tashkillashtirilmoqda. Bu kabi tadbirlarda jinoyatchilikning barcha turlari: kiberfiribgarlik, kiberjinoyatlar, ayniqsa giyohvandlik illati, uning jamiyatga, inson sog‘lig‘i va ruhiyatiga zararli taʼsirlari, giyohvand moddalarni turli yo‘llar bilan tarqatishga urinishning mudhish oqibatlari haqida hayotiy misollar orqali tushuntirish va ogohlantirishlar berilmoqda. Shunday uchrashuvlardan biri 17 iyul kuni Bektemir tumani IIO FMB masʼullari tomonidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Quyuv-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib o‘tdi. Tuman IIO FMB boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi podpolkovnik Ulug‘bek Agzamxodjayev yig‘ilganlar: korxona maʼmuriyati, ishchi-xodimlari oldida so‘zga chiqib, insoniyatga xavf solayotgan global muammolardan biri - giyohvandlik balosining dunyoda bo‘lganidek, poytaxtimizda ham tobora keng yoyilayotgani, ayniqsa yoshlarni turli yo‘llar bilan o‘z domiga tortayotgani, uning ayanchli oqibatlari haqida so‘z yuritdi. Ichki ishlar organlari huquq-tartibot xodimlari bilan hamkorlikda giyohvand, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi tinimsiz kurash olib borayotganligi taʼkidlandi. Shunga qaramay, zahri-qotilning “paypaslagichlari” hududlar bo‘ylab yoyilishda davom etayotgani achinarlidir. Shuningdek, maʼruzachi giyohvandlikka qarshi kurashish huquq-tartibot xodimlari vazifasi deb bu illatga loqayd va beparvo bo‘lishlik noto‘g‘ri ekanligi, bunga barchamiz hamkorlikda kurashsakgina ijobiy natijalarga erishish mumkinligiga urg‘u berdi. Farzandlarimizning ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan mashg‘ulligi bilan qiziqish, nazorat qilish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh va kanallarga aʼzo bo‘lmaslik, ular haqida maʼlumotlar bo‘lsa, ichki ishlar organlariga xabar berish lozimligi taʼkidlab o‘tildi. Uchrashuv so‘nggida yig‘ilganlar mazkur mavzu va boshqa o‘zlarini qiziqtirgan savollariga U.Agzamxodjayevdan to‘liq javoblar olishdi. Oylik doirasidagi tadbirlar tumanning barcha tashkilot va korxonalarida davom ettiriladi.