21 Noyabr 2025 Yil 234

Oylik doirasida profilaktik-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda

Poytaxtimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan qator profilaktik tadbirlar davom etmoqda. IIV tomonidan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligiga start berilgani hamda joriy yilning 3 noyabrida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash bu yo‘nalishdagi muhim qadamdir.

Kuni kecha “Nizomiy” nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetida talabalar ishtirokida targ‘ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt IIBB, Chilonzor tumani IIO FMB hamda Milliy gvardiya, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼullari qatnashdilar. Keng auditoriya oldida maʼruza qilganlar asosiy eʼtiborni yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatchilik, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlarga qaratdilar. Narkojinoyatlar va huquqbuzarliklarga qarshi kurash, ulardan himoyalanish bo‘yicha qator tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berildi.

Yashnobod tumanida o‘tkazilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasidagi tadbirlarda tuman hokimligi, prokuratura, IIO FMB, sog‘liqni saqlash bo‘limi va mahalla faollari ishtirok etishdi. Tadbirlar doirasida mahallalar, korxona-tashkilotlar, o‘quv muassasalarida Prezidentimiz tomonidan imzolangan 207-son farmonining mazmun-mohiyatiga keng o‘rin berildi. Shuningdek, “Kibermadaniyatni yuksaltirish”, “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” oyliklari doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oilalarda sodir etilgan zo‘ravonlik, kiberjinoyatlar va boshqa qonunbuzilish holatlari jamoatchilik, mahalla faollari va mutasaddilar ishtirokida muhokama qilindi.

Uchtepa tumanida joylashgan O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvda tuman IIO FMB rahbariyati va soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Uchrashuvni bilim dargohi prorektori Valijon Saʼdiyev kirish so‘zi bilan ochib, oliygohda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, qonunchilikka hurmat ruhida tarbiyalash va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zladi. Maʼruzachilar kibermakonda sodir etilayotgan jinoyat turlari, ularning salbiy oqibatlari haqida ogoh etib, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish mexanizmlari haqidagi maʼlumotlarga to‘xtalishdi. Shuningdek, talabalarga raqamli makonda ongli harakat qilish, internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Uchrashuvlarda yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni yana-da kuchaytirish hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech