22 Avgust 2025 Yil 554

Orzularim ro‘yobi – mustaqillik tufayli

Vatanimiz mustaqillikka erishganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Mustaqillik bilan tug‘ilgan yurtdoshlarimizga qarab, yillarning qanchalik tez o‘tayotgani, shu bilan birga bu avlod mustaqillikning barcha ne’matlari, imkoniyatlaridan bahramand bo‘lib voyaga yetayotgani, orzulari ro‘yobga chiqib, emin-erkinlikda baxtli turmush kechirayotganini anglash qiyinmas. Ichki ishlar organlari, xususan Toshkent shahar IIBB tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida o‘z hayotlarini vatan mustaqilligini himoyalash, tinchligi-osoyishtaligini asrash, jamoat tartibini saqlashga qalb amri bilan bel bog‘lagan o‘g‘il-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shulardan biri mustaqilligimiz tengdoshi: Bektemir tumani IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, kapitan Maqsudxo‘ja Mahmudjxo‘jayevdir. Maqsudxo‘ja oddiy ishchi oilasida tug‘ilib voyaga yetdi. Toshkent avtomobil yo‘llari kollejini tamomlab Avtomobil va yo‘llar institutida tahsil oldi. Institutni muvaffaqiyatli tugatgach, 2020 yilda Bektemir tumani profilaktika inspektori lavozimida ilk faoliyatini boshladi.
– Kollej, institutni bitirib o‘zim sevgan kasbga – ichki ishlar organlariga ishga kirdim, – deydi lavhamiz qahramoni. – Ochig‘i, nimaiki niyat qilgan bo‘lsam, barchasiga erishib kelmoqdaman. Ishtiyoq, intilish bo‘lsa barcha eshiklar ochiq. Eng asosiysi, yurtimiz tinch, osoyishta. Bu hammasi mustaqilligimiz sharofati bilan albatta. Buni qadriga yetishimiz, uni asrash uchun kurashishimiz kerak. Ayni damda nafaqalik gashtini surayotgan, uzoq yillar zavodda ishchi bo‘lib ishlagan otam Mahmudxo‘ja, kutubxonachi bo‘lib ishlagan onam Gulchehralarning duolarida ham shu tilak.
Kapitan M.Mahmudxo‘jayevning oilasida tinchlik, to‘qchilik. Turmush o‘rtog‘i Feruzaxon bilan ikki nafar farzandini el-yurt koriga yaraydigan, o‘z Vatani tinchligi va ravnaqi uchun fidokor insonlar bo‘lib voyaga yetishishlari yo‘lida tarbiyalab kelishmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech