30 Iyun 2025 Yil 1014

Orzu orzuligicha qolmasin

Poytaxt IIBB saflarida qalb amri bilan ushbu sohani tanlab, samarali mehnat qilib kelayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shulardan biri leytenant Dildora Xo‘jayevadir. Garchi oilasida ichki ishlarda xizmat qilganlar bo‘lmasada Dildora o‘z qiziqishlari, orzulari zamirida mazkur kasbni tanladi. Ota-onasi: kasbi jarroh bo‘lgan Dilmurod aka va ko‘p yillardan buyon o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Go‘zal opalar qizining xohish-istagiga mone’lik qilmadi. Aksincha, qo‘llab-quvvatladi. U O‘zbekiston respublikasi IIV Akademiyasiga o‘qishga kirib, ekspert-kriminalistika yo‘nalishida tahsil oldi. 2023 yilda o‘quv dargohini muvaffaqiyatli tamomlab, IIBB Mirobod tumani IIO FMB Ekspert-kriminalistika bo‘limida ekspert-kriminalist lavozimida faoliyatini boshladi. Yosh, sinchkov, qiziquvchan, tirishqoq xodimga bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Eduard Shestokrilovning o‘zi murabbiylik qildi. O‘zining ilk xizmat davrlari haqida Dildora shunday deydi:

– Yong‘in sodir bo‘lgani, unda jabrlanuvchi borligi haqida xabar tushishi bilan tezkor guruhi tarkibida men ham voqea joyiga yo‘l oldik. Uy ichiga kirgach, yonib ketgan murdani ko‘rgach, qo‘rqib ketib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Ustozimning daldasi, otalarcha yo‘l-yo‘rig‘i, vazifa mas’uliyatini yodga solishi meni ruhlantirdi.Tezda o‘zimni qo‘lga oldim. Qo‘l-oyoqlarim qaltirashi zumda o‘tib ketdi. Ustozim har bir harakatimni kuzatib, ishimni nazorat qilib turgan. Shu-shu har qanday sharoitda hissiyotlarga berilmaslik, xizmat vazifamni to‘laqonli bajarish lozimligini anglaganman. Chunki, har bir yo‘l qo‘yilgan xato jinoyatchining foydasiga ishlashi, tergov harakatlariga salbiy ta’sir qo‘rsatishi mumkin. Bu esa kechirib bo‘lmas holat.

Bugungi kunda leytenant Dildora Xo‘jayeva Mirobod tumani IIO FMB Ekspert-kriminalistika bo‘limi eksperti lavozimida xizmat olib borarkan, IIV Akademiyasida olgan bilimlarini amaliyotda muvaffaqiyatli qo‘llayotgan, o‘z ustida muntazam ishlash bilan kattalarning tajribasini o‘rganib kelayotgan yosh xodimlardan. U o‘zi singari yoshlarga orzu orzuligicha qolmasligi uchun intilishi, har kim o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishi va bu yo‘lda tinmay harakat qilishi lozimligini ta’kidlaydi. Uning shiori – har narsaga ijobiy qarash va qiyinchiliklarga yengilmaslik. Yosh xodimamizga bu yo‘lda hamisha kuch-quvvat va o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishida omad tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech