Joriy yil boshida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida mahalla jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhitni yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini saqlash maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish masalalari ko‘rsatib o‘tilgan. Shunga asosan, aholi gavjum joylarda, savdo majmualari, davlat ahamiyatiga molik maskanlarda sodir etilgan jinoyatchilik, huquqbuzarliklar haqida tezkorlik bilan xabar berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida, hududlar zaruriyati o‘rganilib, bunday joylarda videokuzatuv moslamalari, “tashvish” tugmalari o‘rnatilmoqda, maxsus qo‘riqlov xizmatiga integratsiya qilinmoqda. Shuningdek, o‘rnatilgan mazkur qurilmalarning to‘g‘ri ulanganligi, sozligi, ishchi holati tumanlar kesimida o‘rganib chiqilmoqda. Navbatdagi shunday tadbir Sergeli tumani IIO FMB rahbari hamda soha mutaxassislari tomonidan tuman hududida joylashgan bozorlarda o‘tkazildi. Nazorat tekshiruvi jarayonida ularning qonuniyligi, to‘g‘ri joylashuvi hamda texnik talablarga to‘liq javob berishi aniqlandi. IIBB “Qo‘riqlash” xizmati faoliyatiga nazar solsak, birgina aprel oyida xizmat tomonidan 716 ta obyekt qo‘riqlovga olingan. Jumladan: 11 ta bozor, 113 ta savdo do‘konlari, 5 ta dorixona, 91 ta umumiy ovqatlanish tarmoqlari, 36 ta restoran va to‘yxonalar, 48 ta kompyuter o‘yingohlari, 12 ta masjidlar, 13 ta bankomat o‘rnatilgan joylar hamda boshqa obyektlar 345 tani tashkil etadi. Har bir qo‘riqlovga olingan obyektlar soha mutaxassislari tomonidan davriy ravishda ko‘rikdan o‘tkazilib, qurilmalarning uzluksiz ishlashi taʼminlanadi. Bu chora-tadbirlar poytaxtimizning jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan holi tinch va osoyishta makon bo‘lishiga xizmat qiladi.