Yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat, xalq manfaatlari himoyachilari, ajdodlarimiz qoldirgan ulkan merosning munosib davomchilari ruhida tarbiyalashda muzeylarning ahamiyati beqiyosdir. Zotan, mamlakatning o‘z mustaqilligiga erishishi, bu jarayonlardagi dastlabki qadamlari, muvaffaqiyat va qahramonlari haqida hikoya qiluvchi dalillar, osori-atiqalarni soxtalashtirib bo‘lmaydi. Bugungi kunda Toshkent shahar IIBB rahbariyatining ko‘rsatmasiga asosan Bosh boshqarma qoshida faoliyat yuritayotgan “Shon-sharaf” muzeyi yangilanishga yuz tutmoqda. Mazkur ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega maskan poytaxt IIBB tomonidan poytaxt hududida tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash, ichki ishlar organlarining tashkil topgan kunidan bugungi kunigacha bosib o‘tgan shonli tarixi haqida so‘zlovchi daliliy ashyolar bilan yanada to‘ldirilib, axborot-ma’lumotlar tizimi yangilanmoqda. Bu ezgu-xayrli ishlarni poytaxt Bosh boshqarmasida uzoq yillar ishlab, ayni damda nafaqa gashtini surayotgan bir guruh tashabbuskor ichki ishlar faxriylari amalga oshirishmoqda. Ushbu dargoh yosh avlodni vatanparvarlik, elparvarlik ruhida tarbiyalash, shahri azimda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash ishlarida jonlarini fido qilgan mard va fidoyi xodimlarning ishlarini munosib davomchilari bo‘lishga, ulardan ibrat olishda muhim ahamiyat kasb etadi.