Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish maqsadida rahbarlar tomonidan muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 11-fevralidan 14-fevraliga qadar Olmazor tumanida joylashgan Innovatsiya markazi binosida ommaviy sayyor qabul o‘tkaziladi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB va Milliy Gvardiya rahbariyati fuqarolarni bevosita qabul qiladi.
Sayyor qabulning birinchi kunida ichki ishlar rahbariyatiga 60 ga yaqin fuqarolar murojaat qilishdi. Ular asosan tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov hujjatlari bilan, ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq bo‘lib, har bir murojaat sinchkovlik bilan o‘rganildi. Jumladan, 28 ta murojaat shu joyning o‘zida ijobiy yechim topdi, 10 tasi qo‘shimcha tekshiruv talab qilgani sababli nazoratga olindi, 19 tasi yuzasidan esa ijro muddatlari belgilandi.
Shuningdek, probatsiya hisobida turuvchi 21 nafar shaxslar o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarishgani, tuzalish yo‘liga o‘tganligini ma’lum qilib, muddatdan ilgari probatsiya hisobidan yechishni so‘rab murojaat qilishdi. Ularning murojaatlari shu yerning o‘zida hal etildi.
Olmazor tumanida tashkil etilgan qabul 14-fevral kuniga qadar davom etadi.