12 Fevral 2025 Yil 874

O‘g‘irlikni “kasb” qilgan gumroh

R.Ibrohim 19 yoshida o‘g‘irlik jinoyati sodir etib qamalib chiqdi. Ota-onasining to‘g‘ri yo‘lga kirib, halol mehnat bilan shug‘ullanish haqidagi pand-nasihatlariga e'tibor bermadi. Ishga kirib, to‘g‘ri yo‘lga yurish o‘rniga yana o‘g‘irlikka qo‘l urdi. Oxirgi marta 2017-yilda o‘g‘irlik jinoyati uchun 5 yil ozodlikdan mahrum qilingan Ibrohim jazoni so‘nggi kunigacha “o‘tirib” chiqdi. 30 yoshdan oshib ozodlikka chiqqan Ibrohimga bu ham dars bo‘lmadi. Tayinli ishning boshini tutmadi. Ota-onasining topganiga sherik bo‘lishdan uyalmadi. 2024 yilning 14 fevral kuni o‘rtog‘ining avtomashinasi buzilib qolgani uchun yordam berish maqsadida unikiga bordi. Tungi uchlarda uyiga qaytayotib, Chilonzor tumani Guliston mavzesidagi ko‘p qavatli uylar oldida turgan “Nexia-2” avtomashinasiga ko‘zi tushdi. Avtomashinaning eshigi ochiq qoldirilganligidan foydalanib, salonini tita boshladi. Avtomashina baridan 1 million so‘m va 200 AQSh dollarini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirindi.

– Avtomashina egasi Sh.Alisher tongdagina o‘g‘irlikdan xabar topib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan, – deydi Chilonzor tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Siroj Hoshimov. – Avvaliga Ibrohim qilmishlarini yashirish uchun turli vaj-karsonlarni keltira boshladi. Osonlikcha aybini bo‘yniga olishni istamadi. Yo‘laklarda, avtomashinada qoldirilgan izlar bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza xulosalari, tunda bedor bo‘lib, hovlida aylanib yurgan guvohlarning ko‘rsatmalari oldida aybiga iqror bo‘lishdan boshqa chorasi qolmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1992 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti o‘rta-maxsus, muqaddam bir necha marotaba sudlangan R.Ibrohimning jinoiy qilmishlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “b” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topib, kodeksning 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech