5 Dekabr 2025 Yil 444

Odillik tamoyillari amalda

Kuni kecha Shayxontohur tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kino san’at saroyida poytaxtimizda davom etayotgan keng qamrovli profilaktik tadbir: “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i hamda shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari ishtirokida dolzarb va muhim mavzuga bag‘ishlangan katta tadbir o‘tkazildi. Tadbirga poytaxt tumanlari IIO FMB Probatsiya hamda profilaktika xizmatlari ro‘yxati va nazorati ostida turuvchi shaxslar taklif etildi. Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad ularning muammolari bilan tanishib, birgalikda hal etish, savollariga huquqiy javob izlash, qayta jinoyat yoki huquqbuzarliklar qilishdan qaytarish, to‘g‘ri yo‘lni tanlashda qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Ishtirokchilar oldida so‘zga chiqqan Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev o‘z ma’ruzasida yig‘ilganlar diqqatini profilaktik hisobda turuvchi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘ining oshib borayotgani, jumladan takroriy jinoyatlarning sodir etilayotgani faktlariga qaratdi. Bu haqdagi tahlillarga tayanib, raqamli hamda aniq daliliy misollarni ishtirokchilar diqqatiga taqdim etdi. Shuningdek, muqaddam sudlanganlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida ichki ishlar organlari, “mahalla yettiligi” hamkorligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktik tadbirlarga qaramay, qilmishidan tegishli xulosa chiqarmay, to‘g‘ri yo‘lni, halol va sog‘lom turmush tarzini tanlash o‘rniga jinoyatga qo‘l urayotgan shaxslarni ham misol keltirdi. Bu kabi berilgan imtiyoz va afzalliklardan to‘g‘ri foydalanish o‘rniga bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilib kelayotgan shaxslarning qayta sodir etgan jinoiy qilmishlariga urg‘u berildi. Shular qatorida ichki ishlar organlari nafaqat jazolovchi balki tuzalish yo‘liga o‘tgan, sog‘lom turmush tarzini tanlagan, qonunga hurmat bilan qaragan shaxslarni qo‘llab-quvvatlovchi, xayrixoh idora ekanligini ta’kidlab, jazo shartlarini yengilrog‘iga o‘zgartirish, sobiq mahkumlarni ijtimoiy hayotga moslashuvini ta’minlovchi, dastlabki moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishdagi faoliyati ham ko‘rsatib o‘tildi. So‘zga chiqqan shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari Anvar O‘rmonov o‘z nutqida davlat idoralarining asosiy maqsadi jazolash emas, balki jinoyat sodir etgan shaxslarni tuzalish yo‘liga qaytarish, hayotini iziga tushirishi uchun sharoit yaratib berish va jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi uchun yana bir imkoniyat berish ekanligini ta’kidladi. Bundan har bir shaxs unumli foydalanishi, davlat tomonidan bildirilgan ishonchni suiste’mol qilmasligi va to‘g‘ri yo‘lni tanlashi lozimligini, tanlov har bir shaxsning o‘z qo‘lida ekanligini ta’kidladi.


Shundan so‘ng uchrashuvning ikkinchi qismiga – ochiq muloqotga o‘tildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiynayotgan muammolar va murojaatlari bilan mutasaddilarga yuzlandilar. Har bir murojaat tinglandi va hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.


So‘ng shu zalning o‘zida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudlar tomonidan sohaviy xizmat vakillarining tuzalish yo‘liga o‘tgan, xatosiga chin pushaymonlik bildirgan, to‘g‘ri va halol mehnatni tanlagan bir necha mahkumlar bo‘yicha tayyorlangan taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, ular jazo muddatlaridan shu yerning o‘zida shartli ravishda ozod etildilar. Sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan shaxslarning ishi ham sayyor sudda ko‘rib chiqildi va ularga nisbatan tayinlangan jazo og‘irrog‘iga almashtirildi.


Bu ezgu xayrli tadbir probatsiya hamda profilaktik hisobda turuvchi, nazorat ostida bo‘lgan shaxslarning qonunchiligimizga hurmat, adolatga ishonchini mustahkamlash, jamiyat hayotiga moslashish, to‘g‘ri yo‘l orqali o‘z baxtli kelajagini yaratish imkonini berish bilan birga zulmatga emas nurga intilishida yo‘lchiroq bo‘lib xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Barcha yangiliklar

Text to speech