Insonga xato qilish xos. Biroq inson aybini anglab, qilmishidan chin pushaymon bo‘lsa, jamiyat qonun-qoidalariga rioya qilsa, halollik yo‘lini, sog‘lom turmush tarzini tanlasa unga barcha imkoniyatlar va ezgulik eshiklari ochiq. Jazo choralari ham yengiliga almashtirilib, qo‘llab-quvvatlanadi, ijtimoiy va boshqa yordam ko‘rsatiladi. Bunga misol qilib kuni kecha Yunusobod tumanida joylashgan “Astrobod” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan xayrli tadbirni keltirish mumkin. Tadbirda tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi hisobida bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarni jazodan ozod qilishga qaratilgan sayyor sud o‘tkazildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan tashkil etilgan sayyor sudda bo‘lim hisobida turuvchi 14 nafar mahkumlarga nisbatan tayyorlangan taqdimnomalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Taqdimnomalarni sinchiklab o‘rganib chiqqan hamda mahkumlar bilan savol-javoblar o‘tkazgan sudya tomonidan mazkur shaxslarning belgilangan jazo muddatlarini namunali tarzda o‘tayotganligi, mehnatga halol munosabati, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tganligi, sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymonligi, oilaviy ahvoli inobatga olinib, O‘zbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan, ushbu shaxslar shartli ravishda jazo muddatidan ilgari ozod qilindi. Bu kabi insonparvarlik, muruvvat va odamiylik sifatlarini namoyon etish xalqimizga xos sifat bo‘lib, yaxshilik tomon qo‘yilgan har bir qadam javobsiz qolmasligiga ishoradir.