Navbatdagi sayyor qabul Yakkasaroy tumanida bo‘lib o‘tdi
Xalqimizning manfaatlarini himoya qilish, qonuniy kafolatlarini taʼminlash fuqarolik jamiyatini yaratishning poydevoridir. Mutasaddi rahbarlar tomonidan sayyor qabullar tashkil etish orqali aholi bilan bevosita muloqot qilish, ayniqsa, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlab, joyida bartaraf etish yuzasidan amaliy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan “KOR - UZ Textile Technopark” binosida Toshkent shahar IIBB rahbariyati va Yakkasaroy tuman hokimligi mutasaddilarining aholi bilan o‘tkazgan sayyor qabuli ana shu ustuvor vazifa ijrosining uzviy davomidir. Qabul Mirobod va Yakkasaroy tumanlari aholisini o‘ylantirib kelayotgan muammolariga yechim topishga qaratildi. Ochiq muloqot chog‘ida aholining murojaatlari va savollari tinglandi.
Qabul jarayonida turli masalalarda qiriqdan ortiq murojaatlar qabul qilingan bo‘lib, ularning 21 tasi joyida ijobiy hal etildi, 7 tasi bo‘yicha tushuntirish berilib, ko‘rib chiqish qo‘shimcha muddat talab etadigan 14 ta murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, poytaxtimizning Mirobod va Yakkasaroy tumanlari IIO FMB Probatsiya xizmati hisobida turgan jami 10 nafar fuqarolar Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Qabuldan so‘ng IIBB rahbariyati uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilib nafaqaga chiqqan faxriy xodim Azamat G‘aniyevning xonadoniga borib, undan xabar oldilar va bir piyola choy ustida ish jarayonida bo‘lib o‘tgan esda qolarli voqealarni xotirladilar.
Bu kabi qabullar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.