12 Yanvar 2026 Yil 4291

Ichki ishlar vazirligida Davlat rahbarining qarorlari ijrosi doirasida mahallalar xavfsizligi, jinoyatchilik profilaktikasi, yoshlar bilan ishlash va axborot texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklar sarhisob qilindi, kelgusiga vazifalar rejalashtirildi

Ichki ishlar vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son qarori ijrosi yakunlari muhokama qilindi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yoʻnalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarori asosida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tadbirda taʼkidlaganidek, 2025-yil davomida Prezident qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Fargʻona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 419 ta mahallani qamrab olgan 84 ta “Mahalla huquq-tartibot maskani” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Ilk bor respublikadan tortib mahallagacha boʻlgan barcha darajalarda “yoʻl xarita”lari hamda asosiy maqsadli koʻrsatkichlar ishlab chiqildi, soʻnggi besh yilda kriminogen vaziyati murakkab boʻlib qolayotgan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar konsepsiyasi tasdiqlanib ijroga qaratildi, jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi ishga tushirildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizdagi 4 034 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Bu esa umumiy mahallalarning 44,8 foizi “yashil” toifada saqlanib qolishiga xizmat qildi.

2026-yil Oʻzbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” boʻlganligini inobatga olgan holda, yuqorida erishilgan ijobiy ishlarni davom ettirish maqsadida ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmat rahbarlari hamda hududiy ichki ishlar organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qilish organlari hamda hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar hamda manzilli rejalar belgilab olindi.

Yigʻilish kun tartibining ikkinchi masalasi doirasida ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan ogʻir toifadagi yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Taʼkidlanganidek, mazkur toifaga kiruvchi yoshlar bilan manzilli va individual ishlash, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, bandligini taʼminlash hamda huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, taʼlim muassasalari va tegishli idoralar hamkorligida har bir yoshning ijtimoiy-ruhiy holati oʻrganilib, ular uchun alohida “ijtimoiy yoʻl xarita”lari ishlab chiqilgan. Shuningdek, ularni kasb-hunarga oʻqitish, ish bilan taʼminlash, sport va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga jalb etish orqali salbiy muhit taʼsiridan chiqarishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muhokamalar jarayonida ayrim hududlarda olib borilayotgan ishlar yetarli darajada samara bermayotgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan masʼul rahbarlarga ogʻir toifadagi yoshlar bilan ishlashda shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish, nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda natijadorlikka qaratilgan aniq vazifalar yuklatildi.

Kun tartibining uchinchi masalasida 2025-yil davomida axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, shuningdek joriy yilning oʻtgan oʻn kunligida qayd etilgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar batafsil tahlil qilindi.

Qayd etilganidek, raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi bilan bir qatorda kiberjinoyatchilik holatlari ham ortib borayotgani kuzatilmoqda. Internet orqali firibgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni noqonuniy egallash, elektron toʻlov tizimlariga tajovuz qilish bilan bogʻliq jinoyatlar profilaktikasiga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi. Shu boisdan, axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish boʻyicha zamonaviy tahlil usullarini joriy etish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning har biri yuzasidan sabab va shart-sharoitlar chuqur oʻrganilib, masʼul tuzilmalarga jinoyatlar sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.

2026-yilni Ichki ishlar vazirligida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni jadallashtirish yili” sifatida qabul qilib, tizimli ishlarni davom ettirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Tadbir yakunida tashkiliy masala ham koʻrib chiqildi. Ichki ishlar vazirining buyrugʻiga muvofiq, vazirlikning amaldagi zaxirasida boʻlgan polkovnik Oʻroqov Azamat Shodiyevich Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻining oʻrinbosari — Probatsiya boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech