Yosh kadrlarning xizmat faoliyatini tez o‘zlashtirishi, ko‘nikmalarni shakllantirish, mustaqil to‘g‘ri qaror qabul qilishi o‘quv jarayonlarida amaliyotni qanday va kimning murabbiyligi ostida o‘taganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. So‘nggi paytlarda dual ta’limga ya’ni, nazariy bilimlarni amaliyot bilan birgalikda mustahkamlab borishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Bu Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, Yurtboshimiz tomonidan “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunga yaqqol dalildir. Mazkur qaror asosida O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB tomonidan ichki ishlar organlariga yetuk mutaxassislar yetishtiruvchi o‘quv dargohi – respublika IIV Akademiyasi bakalavriati “Tergov faoliyati” ta’lim yo‘nalishining 2 va 3-kurslarida ta’lim olayotgan talabalarning hududiy ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida dual ta’lim asosida amaliyot o‘tashlari yo‘lga qo‘yilgan. Mana shunday nazariyotning amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi jarayon joriy yilning 2 fevralidan boshlandi. Bo‘lg‘usi tergovchilarga malakali, katta amaliy tajribaga ega xodimlar murabbiy sifatida biriktirildi. Murabbiylar kursantlarga normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zlashtirish, nazariy bilimlarini amaliyotga tadbiq etishini nazorat qilish qatorida ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi, o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilishlarini ham baholab boradilar. Bu jarayon bo‘lajak xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirishda, bilimlarini amalda erkin qo‘llashda, to‘g‘ri qonuniy qaror qabul qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Yana bir e’tirof etadigan jihati, bilim yurtini bitirgan har bir kursant mustaqil va yetuk xodim sifatida ichki ishlar organlari safiga qo‘shiladi.