Joriy yilning 10-12 iyul kunlari Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari poytaxt ichki ishlar organlari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda MDH hududida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish byurosi direktori O.F. Konovalov, Qozog‘iston, Armaniston, Belarusiya, Qirg‘iziston, Rossiya, Ozarbayjon, Tojikiston va Turkmaniston poytaxtlari ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida MDHga a’zo davlatlar hududida jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik masalalari keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, shuningdek, MDH hududida uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, transchegaraviy jinoyatlarning oldini olishda uzviy hamkorlik, shahar infratuzilmasining muhim obyektlarida jamoat tartibini saqlash, zamonaviy megapolisning xavfsizligini ta’minlashda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, videokuzatuv tizimlaridan samarali foydalanish, MDH ishtirokchi davlatlari poytaxtlarida jamoat tartibini ta’minlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida bir qancha takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, jamoat tartibini ta’minlashning kompleks tizimlarida ilg‘or axborot texnologiyalarini qo‘llash, jinoiy tahdidlardan — ham jismoniy, ham kiberhujumlar orqali masofadan turib amalga oshiriladigan tahdidlardan himoyalanish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan o‘zaro almashish, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va ularni radikal hamda ekstremistik tashkilotlar faoliyatiga jalb etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tajriba almashish kabilar shular jumlasidandir.
Tashrif davomida ishtirokchilar Ostona shahri Politsiya departamenti tezkor boshqaruv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan bir necha loyihalar, ularning samaradorligi bilan qiziqdilar.
O‘zaro do‘stona va ishchanlik ruhida o‘tgan yig‘ilish yakunida MDH ishtirokchi davlatlari poytaxtlari ichki ishlar organlari rahbarlarining kelgusi yildagi yig‘ilish doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalar, hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar yuzasidan kelishib olishdi.