19 May 2025 Yil 619

Murojaatlar mantiqiy yakuniga yetkazilmoqda

Joriy yilning 18 may kuni poytaxt IIBB binosida IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda 37 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning turli mazmundagi murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ularning 4 tasi joyida ijobiy hal etilib, yana 4 tasi bo‘yicha malakali huquqiy tavsiyalar berildi. 27 ta murojaatlarni o‘rganish chog‘ida undagi vaj-sabablarni o‘rganish qo‘shimcha vaqt talab qilganligi bois ijro muddati o‘rnatilib, tekshiruvlar yakuni bo‘yicha tayyorlangan xulosa to‘g‘risida murojaatchiga yozma ma’lumot berilishi belgilanib nazoratga olindi.
Qabul davomida o‘rganilgan 37 ta murojaatlar mazmuniga ko‘ra: 11 tasi surishtiruv va tergov harakatlari, 7 tasi mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, 6 tasi ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, 4 tasi oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklar, 21 tasi ijtimoiy masalada yordam ko‘rsatish, 4 tasi ichki ishlar xodimlari faoliyati bilan bog‘liq va yana 3 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish masalalarini tashkil etdi.
Qabul davomida M.Baymatova va N.Shoimnazarovalarga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportini olishda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, ijtimoiy-moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro N.Nasirovga moddiy yordam ajratildi. Sud jarayonlarini to‘xtatish uchun tegishli hujjat olish bo‘yicha murojaat qilgan M.Axunovaga IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan so‘ralgan ma’lumotnoma olib berildi. Ishga kirish masalasida murojaat qoldirgan F.Omonjonovga "Ye-nomzod" elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, tegishli tartibda hujjatlar topshirish bo‘yicha tushuntirish berildi. Qabul jarayonida murojaatlari ijobiy hal etilgan fuqarolar sansalorlik, ortiqcha qog‘ozbozliklarsiz murojaatlari hal bo‘lganliklari uchun rahbariyatga o‘z minnatdorliklarini bildirishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech