Sodir etilgan jinoyatlarni tahlil qilish va kelgusida shu turdagi jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ularni jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish amaliyoti keng davom etmoqda. Kuni kecha Toshkent shahar IIBB JTSB va Yashnobod tumani IIO FMB rahbariyati hamkorligida joriy yilning 12 may kuni tumanda sodir etilgan talonchilik jinoyatining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Tarnovboshi” mahalla yettiligi, faollari, mutasaddilar, muqaddam sudlangan va profilaktika hisobida turuvchi shaxslar ishtirok etishdi. Yig‘ilganlar sodir etilgan jinoyat tafsilotlari bilan tanishtirilgach, uning muhokamasiga o‘tildi. Jinoyat sodir etilishiga olib kelgan sabablar, gumonlanuvchining oilasi, xulq-atvori, yashash tarzi, mahalla ahlining mas’uliyati, ogohligi bilan bog‘liq mavzularga doir savollar o‘rtaga tashlandi. Yig‘ilganlarning tanqidiy fikr-mulohazalari ham inobatga olingan holda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha tuman mas’ullariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Yoshlar orasida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida ular bilan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda. JTSB boshlig‘i podpolkovnik B.Anvarov Toshkent davlat transport universitetida mana shunday uchrashuv o‘tkazdi. O‘quv yurti ma’muriyati, o‘qituvchi va talabalari bilan ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda qator mavzularga to‘xtaldi. Xususan, talaba yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-maishiy muammolari, ularni hal qilish yo‘llari masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, yoshlar orasida keng tarqalayotgan giyohvandlik va psixotrop vositalar bilan bog‘liq jinoiy hatti-harakatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizga yot, buzg‘unchi g‘oyalardan himoyalanish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kiberfiribgarlik va kibertahdidlarga qarshi kurash masalalari muhokamasiga keng o‘rin berildi. Yoshlarning bu kabi salbiy holatlarga tanqidiy fikr-mulohazalari o‘rganildi. Muloqot so‘ngida B.Anvarov yoshlarning ko‘plab savollariga javob berib, yorqin va baxtli kelajakni yaratish yoshlarning o‘z qo‘llarida ekanligini ta’kidladi.