Muammolar tinglandi, hal qilish choralari ko‘rildi
Kuni kecha poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Oqibat” mahalla fuqarolar yig‘inida Toshkent shahar IIBB va Toshkent shahar prokuraturasi, shahar hokimligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Sog‘liqni saqlash boshqarmalari masʼullari bilan hamkorlikda sayyor qabul o‘tkazildi. Qabulda ishtirok etgan shahar bo‘yicha probatsiya ro‘yxatida turuvchi 40 nafar ayollarning muammo va iltimosnomalari o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar jarayonida 14 nafar ayollarga huquqiy tavsiyalar berildi, 16 nafarinining murojaati joyida ijobiy hal etildi, 6 nafarining bandligi taʼminlandi. 4 nafarining salomatligi bilan bog‘liq muammolari yuzasidan davolanish uchun tibbiy yo‘llanmalar ajratildi.
Jumladan, Bektemir tumani IIO FMBda Probatsiya xizmatida nazoratda turuvchi 1974 yilda tug‘ilgan U.Dilfuza suhbat chog‘ida salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘yicha jarrohliq amaliyoti o‘tkazilishi zarurligi, biroq moddiy qiyinchiliklari tufayli davolanish imkoni yo‘qligi, bundan tashqari 20 yildan beri oilasi bilan ijarada turishi, uy-joyga muhtojligini bayon qildi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra uning davolanishi uchun moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilanib, uy-joy masalasini hal qilishda huquqiy maslahatlar berildi.
Yunusobod tumani “Husniobod” mahallasida yashovchi, tuman probatsiya hisobida turuvchi, 1997 yilda tug‘ilgan, to‘rtinchi farzandini kutayotgan S.Robiyaning ishga joylashtirish bo‘yicha murojaati atroflicha o‘rganildi. Uning ayni paytdagi holati inobatga olinib, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida joylashgan maktablarning biridagi kutubxonachi bo‘sh lavozimiga ishga joylashtirildi. Shuningdek, bir yarim yoshli bemor farzandining sog‘lig‘ini tiklash masalasidagi iltimosnomasi eʼtiborga olinib, o‘g‘lining davolanishi uchun bepul tibbiy yo‘llanma topshirildi.
Bu kabi inson omiliga eʼtibor, insoniylik yordam qo‘lini cho‘zish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu ishlar ko‘lami yana-da kengaytirilib, davriy davom ettirib borilishi shubhasiz.