23 Noyabr 2025 Yil 540

Mirzo Ulug‘bek tumanida "Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!" shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi

Har yili 25 noyabr — dunyo bo‘ylab xalqaro “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu sana gender asosidagi zo‘ravonlik muammosiga jamoatchilik eʼtiborini qaratish va uni bartaraf etishga yo‘naltirilgan xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olish va kamaytirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar majmuini amalga oshirib kelmoqda. Shu yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvning asosiy mavzusi «Zo‘ravonliksiz ayol — baxtli, oila — xotirjam» deb nomlandi.

Yig‘ilishda Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i, oila va ayollar bo‘limi xodimlari, diniy qo‘mita, “Inson” ijtimoiy markazi vakillari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari chiqish qildi. Har bir maʼruzachi o‘z nutqida ayollar nafaqat oila muhitida, balki jamiyatning ijtimoiy va madaniy hayotida ham muhim o‘rin egallashini taʼkidladi.

Tadbir davomida zo‘ravonlikni oldini olish, oilaviy totuvlikni mustahkamlash va ayollar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan sahnaviy ko‘rgazmalar hamda videolavhalar namoyish etildi.

Tadbirning yakuniy qismida Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB boshlig‘i namunaviy oilalar va mahallalar darajasida ayollar hamda oilalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarida faol ishtirok etgan xotin-qizlarga tantanali ravishda mukofotlar topshirdi. Ushbu tashabbus ularning ijtimoiy rivojlanishga qo‘shgan hissasini eʼtirof etish bilan birga, aholining ayniqsa himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini namoyon etadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech