Mirobod tumanida nazoratdagi yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Mirobod tumani hokimligi mas’ul xodimlari, tuman IIO FMB Probatsiya guruhi hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamkorligida probatsiya hisobida turgan yoshlar bilan tarbiyaviy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, ularning huquqiy ongini va qonunga itoatkorlik hissini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida har qanday inson hayotda xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinligi, eng muhimi esa bu xatoni o‘z vaqtida anglab, to‘g‘ri yo‘lni tanlash, hayotni yangidan boshlash muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, probatsiya hisobida turgan yoshlarni qiynayotgan dolzarb muammolar tinglandi, ularga huquqiy tushunchalar, amaliy maslahatlar va tavsiyalar berildi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning jamiyatga munosib fuqaro sifatida qaytishlariga, ijtimoiy faolligini oshirishga va huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.